AQSh Demokratik Instituti (National Democratic Institute) O’zbekistonda o’z idorasiga ega oz sonli G’arb tashkilotlaridan biri. Uni uch yildan beri boshqarayotgan Klark Pleksiko (Clark Plexico) fikricha, respublika siyosiy turg’unlikda deyish noto’g’ri. Tuzum astalik bilan o’zini isloh qilmoqda, deydi u. Qanday qilib?
Oliy Majlis saylovlari xalqaro hamjamiyat, xususan, G’arb tomonidan keskin tanqid qilingan, demokratik me’yorlarga javob bermadi deya topilgan.
“Lekin saylovoldi kampaniyasi va partiyalar olib borgan targ’ibot ishlarini quruq safsata deya olmaymiz”, - deydi Pleksiko, jarayonni yodga olar ekan.
“Nomzodlar xalq oldida o’z dasturlarini tushuntirgan. Raqiblari bilan bellashgan. Omma fikrini tinglagan”,- deydi Pleksiko, o’zi olib borgan trening va maxsus kurslarda qatnashgan siyosatchilar haqida so’zlar ekan.
O’zbekistonni diktatura deb ta’riflovchi tomonlar bu fikrni tubdan rad etadi. Hokimiyat xalq dardini tinglamaydi, aksincha uni ezishda, uning huquq va erkinliklarini bo’g’ishda davom etmoqda, deydi “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotining O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Sverdlov. “Human Rights Watch” yaqinda chiqargan hisobotda O’zbekistonda vaziyatni mustaqil ravishda kuzatuvchi biror xalqaro organ yo’q deya qayd etiladi.
“O’zgarishlar sekin, ammo bor. Ba’zida o’zimdan so’rayman: Agar siyosat va hukumat ishiga qiziqqan bir o’zbek bo’lsam, nima qilar edim? Javobim shuki, tezlikda harakat qila olmaysiz. Shoshsangiz, pand yeysiz. O’zgarish qilishga intilayotgan odamlar mavjud mentalitet va sharoitdan kelib chiqqan holda ish ko’rayapti”.
“Demokratiya tajriba talab qiladi, bu esa O’zbekistonda yo’q. Tashqaridan kelib “mana sizga demokratiya, oling, ishga soling” deya olmaymiz. Demokratiya shu jamiyatning o’zida, uning xohish-istagi bilan ildiz otishi va rivojlanishi kerak”.
Ko’plab o’zbek ziyolilari avlodlar yangilanishi bilan siyosat ham yangilanadi deya umid bildiradi. O’zbekistonda aholining aksariyati 35 dan yosh ekani muhim fakt, deydi Klark Pleksiko, biroq bu har doim ham o’zgarishga yetaklamaydi.
Klark Pleksikoning tashkiloti yaqinda Kongress qoshidagi Ochiq dunyo yetakchilik dasturi (Open World Leadership Program) bilan hamkorlikda Oliy Majlis vakillarini Vashingtonga olib keldi. 10 ga yaqin senator va deputat AQSh qonunchilik organi va ijroiya tizimi bilan tanishdi.
AQSh ajratgan mablag’ evaziga almashinuv dasturlari yuritadigan tashkilotlar, xususan, IREX, Soros va ACCELS 2004-2007-yillarda bosim ostida O’zbekistondan chiqib ketgan. Obama ma’muriyati respublika rahbariyatini bunday xalqaro nohukumat tashkilotlarga eshikni qayta ochishga undamoqda. Hozircha biror yangilik yo’q.
Klark Pleksiko nazarida ayni damda, ikki davlat orasidagi aloqalar iliq paytda, bunday hamkorlikni oshirish uchun konkret qadamlar tashlash kerak. O’zbekiston va Amerika xalqini yaqinlashtiradigan tashabbuslar bilan chiqish kerak, deydi u, asl vaziyat haqida to’liq tushunchaga ega bo’lish uchun bu juda muhim.