O'zbekistonda xorijdagi muxolifatchiga qarshi jinoiy ish ochildi

O’zbekistonda muxolifat faoli Islom Xolboyga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda gumonlanayotgan muxolifatchi ishi davlatga qarshi fitnada ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayevning ishiga aloqador bo'lishi mumkin.

Turkiyada qochqinlikda yashayotgan Islom Xolboy muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati sahifasidagi chiqishlari bilan tanish. Harakat raisi Muhammad Solihga ko‘ra, jurnalist Abdullayev ishini yuritayotgan MXX davlatga qarshi fitnada ayblanuvchilar sonini imkon qadar ko‘paytirish maqsadida.

MXX tomonidan davlatga qarshi fitna uyushtirishda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev bilan bog‘liq jinoiy ish tafsilotlari hamon noma’lum. Huquq himoyachilari tarqatgan so‘nggi ma’lumotda Ravshanbek Salayev va Shavkatjon Olloyorovlar Usmon Haqnazarov taxallusi ostida yozgan jurnalistning asosiy manbalari sifatida hibsga olingani xabar qilingan edi.

Keyinchalik bir yilcha avval Toshkentda hibsga olingan yosh tadqiqotchi Akrom Malikov haqida ma’lumot chiqdi. Abdulloh Nusrat taxallusi ostida maqolalar chop etib kelgan mutaxassis nimada ayblanayotgani, Abdullayev ishi bilan qanchalik bog‘langani noma’lum. Uning maqolalari ham asosan muxolifatdagi O‘zbekiston xalq harakati sahifasida chop etib kelingan.

O‘zbekiston xalq harakati raisi Muhammad Solih harakat sahifasining faol mualliflaridan biri, “Erk” partiyasi a’zosi Islom Xolboyga nisbatan konstitutsiyaviy tuzumga qarshi tajovuz aybi bilan jinoiy ish ochilganini, Islom Xolboy ham MXX tomonidan tayyorlanayotgan davlatga qarshi fitna ishiga tirkalishi mumkinligini aytadi.

“MXX xodimlari Islom Xolboyning Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi uyiga borib, uning singlisiga Islom Xolboy va o‘g‘liga nisbatan 159-modda bo‘yicha jinoiy ish ochilganini ma’lum qilishgan, ya’ni rasmiy ayblov bildirishgan. Islom Xolboy Bobomurod Abullayevni tanishini, u Usmon Haqnazarov taxallusi ostida maqolalar yozgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Ular shundan ushlab, demak, sen ham Bobomurod Abdullayev guruhidan ekansan, senga ham 159 bilan ish ochamiz, deyishmoqchi. Bu MXXning uslubi, shunchalar sayoz, qo‘pol”, - deydi Muhammad Solih.

Ayni paytda qochqinlikda yashayotgan Islom Xolboy o‘ziga nisbatan ochilgan jinoiy ish tafsilotlaridan xabarsiz, ammo ayblov davlatga qarshi fitnada gumonlanayotgan Bobomurod Abdullayev ishiga bog‘liqligini aytadi:

“Bobomurodning bo‘yniga bu jinoyatni (davlatga qarshi fitna) ilish qiyin. Uning yozganlari bir jurnalistning yozganalri, oddiy mahkama orqali hal qilinishi mumkin bo‘lgan narsalar. U davlatga qarshi hech narsa qilmagan, to‘ntarish qilmagan. Ammo ularga guruh, Bobomurodning atrofiga odamlarni yig‘ish kerak, buning uchun nimalarnidir, kimlarnidir qidirishaypti, shulardan bittasi endi men bo‘lyapman. Qolaversa, Bobomurodni tanishimni ochiq yozganman”, - deydi Islom Xolboy.

Jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan ochilgan jinoiy ish davlatga qarshi fitna uyushtirish, hukumatni kuch bilan ag‘darishga urinishni nazarda tutadi.

MXX yuritayotgan bu maxfiy jinoiy ish yuzasidan hozircha uch kishi hibsga olingan. Davlatga qarshi jinoyatni ko‘zda tutuvchi dastlabkiaybnomada O‘zbekiston xalq harakati raisi Muhammad Solih ham ko‘rsatma beruvchi gumondor sifatida keltirilgan. Agar mavjud taxninlar tasdiqlansa Islom Xolboy bu jinoiy yuzasidan ayblov e’lon qilingan navbatdagi gumondorga aylanishi mumkin.

Muhammad Solihga ko‘ra, MXX Mirziyoyev davridagi dastlabki yirik siyosiy ishning ssenariysini ishlab chiqmoqda, ayblanuvchilar ro‘yxati yanada kengayishi mumkin.

“MXX Bobomurod hibsga olingandan keyin unga qo‘shib katta bir guruh fosh etilganini e’lon qilishga hozirlanmoqda. Bu xuddi 1999-yilda sodir etilgan Toshkentdagi portlashlar ssenariysini eslatadi. Ular shu kabi ovoza bo’ladigan ish ochib, Mirziyoyevni ham Karimovga o’xshatib qo’yishmoqchi, nazoratga olishmoqchi. Agar shunday ayblov e’lon qilinsa, bu Karimov rejimining o‘zgarmagani, hamon davom etayotganligini anglatadi. Ammo biz Mirziyoyev Karimov qilgan xatolardan voz kechadi, siyosiy hayotdan yangi bir sahifa ochadi deb umid qilyapmiz ”, - deydi Muhammad Solih.

Bobomurod Abdullayev 27-sentabr kuni hibsga olingan edi. Dastlab, bir necha kun dom-daraksiz qolgan jurnalist keyinchalik MXX izolyatoridan topildi, unga nisbatan davlatga qarshi fitna uyushtirish aybi bilan jinoiy ish ochilgani, Usmon Haqnazarov taxallusi ostida yozilgan maqolalarga mualliflikda ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Hibsda saqlanayotganiga bir oydan oshayotgan jurnalistning qamoqdagi ahvoli mavhum, jurnalist bilan ko‘rishishiga ruxsat berilmagan, uning o‘zi Usmon Haqnazarov ekanligini tan olgan-olmagani ham ma’lum emas. Davlat tomonidan tayinlangan advokat Bobomurodning salomatligi haqida, jinoiy ish va ayblov yuzasidan jamoatchilikka biror ma’lumot taqdim etayotgani yo‘q.

O‘zbekistonda navbatdagi jurnalistning hibsga olinishi xalqaro huquq tashkilotlarining e’tiroziga sabab bo‘ldi. 27-oktabr kuni Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ham jurnalist Bobomurod Abdullayev zudlik bilan ozod etilishi talab qilingan bayonot tarqatdi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Bobomurod Abdullayev Mirziyoyev hokimiyati davrida hibsga olingan ilk jurnalist. Jamoatchilikka islohotlar umidini berayotgan yangi hokimiyat bu imtihondan o‘tishi, jurnalistni ozodlikka chiqarishi shart, deydi kuzatuvchilar.