Deputat Akmal Umirzoqov blogerlarga: Parlament sirk emas

Deputat Akmal Umirzoqov

Oliy Majlisning amaldagi deputati saylov arafasidagi parlamentga ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan yoshlarning qo’shilishidan xavotirda. Deputat Akmaljon Umirzoqov bu boradagi chiqishida parlament saylovida qatnashish istagidagi ayrim yoshlarni tahqirlashgacha boradi. “Parlament sirk emas” deb nomlangan bu bayonotda “pechkachi” sifatida kamsitilgan faollardan biri Dima Qayum haqoratlar takrorlangan taqdirda deputatni sudga bermoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Deputat blogerlarni masxarabozlarga qiyosladi

Dekabr oyida kutilayotgan saylov kampaniyasi hali boshlanmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayrami munosabati bilan chiqishida saylovda yoshlarga imkoniyat berilishiga ishora qildi.

Hozircha amaldagi partiyalarning birortasi ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan yoshlarga saylovda imkoniyat berish haqida so'z ochgani yo'q. Deputat Akmaljon Umirzoqovningbayonoti esa yoshlarda bunday imkoniyat bo’lishini ham gumon ostiga qo’yadi.

“Milliy tiklanish”partiyasidan Oliy Majlisga saylangan, xalqaro va parlamentlararo aloqalar qo’mitasi a’zosi Akmaljon Umurzoqovning “Oliy Majlis sirk emas” deb nomlangan chiqishi matbuotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham keng munozara qo’zg’adi.

Bu munozaralar deputat "Feysbuk"dagi postini o’chirishi ortidan ham davom etmoqda.

Akmaljon Umirzoqovning bayonoti ijtimoiy tarmoqlardagi faol blogerlarga qaratilgani, parlament saylovlarida qatnashish istagida yurgan bu yoshlarga nisbatan amaldagi parlament, rasmiy partiyalardan ko’rsatilgan dastlabki munosabat ekanligi bilan diqqatli.

Umirzoqov ayni paytda sahifasidan o’chirilgan, ammo matbuotda keng tarqalgan postida siyosiy ambitsiyaga ega, saylovda qatnashish qarorida yurgan blogerlarni tahqirlaydi, mazax qiladi, "pechkachi" deb kamsitadi, tajribasizlikda ayblaydi.

Unga ko’ra, bu yoshlar Oliy Majlisga kelgan taqdirda parlament sirkka aylanishi mumkin, "zakiy xalq esa bunga yo’l qo’ymaydi".

“Amerika Ovozi”ga deputatlik uchun Rishton tumanidan kurashish maqsadi haqida gapirgan taniqli bloger Dima Qayum Rishtondagi bozorda pechka sotish bilan tirikchilik qiladi. U jamoatchilikka pechka sotishi bilan emas, balki xayriya ishlari, bozorda o’z hisobidan bepul kutubxona tashkil qilgani, shuningdek, xalq turmushidagi dolzarb muammolar haqida ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirishi bilan tanilgan.

Dima Qayum deputat Umirzoqovning ayblov va kamsitishidan taassufda, ammo sudga murojaat etishni ep ko’rmaydi.

“Bu men uchun kutilmagan vaziyat bo’ldi. Sababi - ikkimiz ham bir joydan, Rishtondanmiz. Ikkinchidan, men bu akani qo’llab postlar yozganman Feysbukda. O’zimiz saylagan deputat, lekin orqadan pichoq urdi. To’g’ri, men pechkachiman, bu hunarimdan uyalmayman. Ehtimol bu kim uchundir uyatli tuyular, lekin men uchun emas. Men uni sudga bersam, yutib chiqishim ham mumkin. Lekin ikkimiz ham bir joydanmiz, ertaga yuz yuzga tushadi, bunaqa qilmoqchi emasman. Ammo yana bir marta mening obro’yimga putur yetkazadigan so’zlar yozsa, iloji yo’q, men sudga beraman”, - deydi Dima Qayum.

Deputat Umirzoqovning bayonoti saylovga hozirlik ko’rayotgan yoshlarga qanchalik ta’sir ko’rsatishi noma’lum, ammo Dima Qayumning qarori o’zgarmagan. Lekin uning saylov kampaniyasida ishtirok etishining o’zi hamon mavhum, chunki partiya tavsiyasi kerak.

Bir necha yillar avval O’zbekiston Liberal demokratlar partiyasi a’zoligiga qabul qilingan Dima Qayum hozirgacha mazkur partiyaning biror yig’ilishiga chaqirtirilmagan.

“Qarorimdan qaytish niyatida emasman. Xalqimiz, rahbariyat ishonsa, bu ishonchni oqlayman. Bunaqa postlarga ahamiyat bermayman. Lekin hozircha jimlik, partiya a’zosi bo’lganimga bir yildan oshdi, hozirgacha hech kim meni chaqirmadi. Bilmadim, ehtimol buning ham o’z qonun-qoidalari bordir, lekin uchrashuvlarga chaqirishsa borardim, saylanmagan taqdirimda ham o’zimga kerakli ma’lumotlarni olardim”, - deydi Qayum.

O’zbekiston parlamenti uchun saylovlar shu yil dekabr oyining uchinchi haftasida o’tishi kerak. Ularda beshta rasmiy partiya ishtirok etadi, deputatlikka nomzod ko’rsatish vakolati ham shu partiyalarda.

Deputatlikka nomzodini qo'yish qarorida yurgan yoshlarda shu partiyalarga qo’shilishdan boshqa tanlov yo’q. Hozircha biror partiya saylovga tayyorgarlik, nomzodlarga doir bayonot bilan chiqqani yo’q.