Din

O'zbekistonda o'quv yili yana hijob muhokamalari bilan boshlandi

O’zbekistonda o’quv yili yana hijob mojarosi bilan boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda ro’moldagi qizi maktabdan qaytarilgan otaning videomurojaati muhokama qilinmoqda. Diniy va dunyoviylik qadriyatlarni muvofiqlashtirish dindor va dunyoviy qatlamga bo'linib borayotgan o’zbek jamiyatining og’riqli muammosi bo’lib qolmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Maktab boshlanar ekan, hijob mavsuzi yana muhokamada

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ta’kidlanishicha, Toshkentda maktab direktori 15 yoshli qizni Xalq ta’limi vazirligining o’quvchilar kiyinishiga doir bergan ko’rsatmasiga muvofiq maktabga kiritmagan.

O’zbekistonda hali yagona maktab formasi tasdiqlangani yo’q, ammo vazirlik o’quv yili boshlanishi munosabati bilan ota-onalarga maktab formasiga doir tavsiya bilan chiqqan.

Bu murojaatga ko’ra, o’quvchilarning tavsiya qilingan formadan tashqari (o’g’il va qiz bolalar uchun - tepasi oq klassik ko’ylak, pasti qora bo’lgan shim va yubka) boshqa libosda, jumladan bosh kiyimda yurishi ta’lim muassasasining ichki tartibini va odob-axloq qoidalarini buzish hisoblanadi.

O’zbekiston ta’lim maskanlarida yagona forma joriy etish o’tgan yil muhokamaga chiqqan, xususan maktablarda ro’mol va hijobga taqiq qo’yilishi dindor jamoatchilik qatlamida kuchli norozilik uyg’otgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tanilgan blogerlarning hibsga olinishi, ularga ma’muriy jazo tayinlanishi, sobiq imom Fazliddin Parpiyevning Prezident Mirziyoyevga qilgan shov-shuvli ochiq murojaati, buning ortidan imomning mamlakatni tark etishga majbur bo’lishi ham aynan shu munozaralar ortidan kuzatilgan edi.

Bu munozaralar ortidan majburiy maktab formasiga doir hukumat qarori qabul qilinmadi, aniqrog’i qaror ijrosi 2024-2025 yillargacha kechiktirildi.

O’zbekistonda 4-sentabrdan boshlangan yangi o’quv yili maktablardagi bosh kiyim, hijob mavzusi hamon dolzarb qolayotganini ko’rsatmoqda.

15 yoshli qizi ro’molda bo’lganligi uchun maktabga kiritilmagani haqida Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat joylagan ota Fozilxo’ja Tolibxo’ja o’g’liga ko’ra, konstitutsiyada belgilangan diniy e’tiqod erkinligi cheklanmoqda, shaxs huquqlari buzilmoqda. U o’z diniy e’tiqodi bois qizining maktabga ro’molsiz borishiga qarshi, buni oriyat sifatida tushunadi.

O'zbekiston konstitutsiya bo'yicha dunyoviy davlat, shuningdek, konstitutsiyaga muvofiq fuqarolarning e’tiqod va din erkinligi kafolatlangan.

Aholisining 90 foizdan oshig’i musulmon bo’lgan O’zbekistonda diniy erkinliklar ta’minlanishi, diniy va dunyoviy qatlamlarga ajralayotgan jamoatchilik talabini muvofiqlashtirish og’riqlimuammolardan biri sifatida qolmoqda.

So’nggi yillarda hokimiyat diniy erkinlar yuzasidan bir qator o’zgarishlar qildi, ammo bu o’zgarishlar asosan hukumat nazaridagi adashgan dindorlarni oqlash, qora ro’yxatdan chiqarish, noqonuniy diniy tashkilotlarga a’zolikda ayblangan mahbuslarni qamoqdan ozod etish bilan kuzatildi.

Diniy liboslar, maktablarda, xususan islom universitetiga qarashli maktablarda ham taqiq ostida, bu taqiq qonunchilikka ko’ra ham adolatli baholangan.

Birmuncha avval O’zbekiston Oliy sudi ro’mol o’ragani bois xalqaro islom akademiyasiga qarashli litseydan haydalgan o’quvchi qizning shikoyat arizasini ko’rib chiqqan va ta’lim maskanlaridagi ichki tartibga ko’ra diniy liboslar taqiqlanishiga doir avvalgi sud ajrimini o’z kuchida qoldirgan edi.

Xalq ta’limi vazirligi hozircha ro’mol o’ragani bois maktabga kiritilmagan o’quvchi qiz yuzasidan biror izoh bermagan. Avvalroq vazirlik mamlakatdagi xususiy maktablar bilan hijobga doir majlis o’tkazilganini rad etgan edi.

O’zbekistonda bu yilgi o’quv yili senatorlar, hokimlar va deputatlar ham maktablarga jalb qilingani bilan kuzatiladi. Viloyat, tuman maktablaridagi birinchi darslarni hokimlar boshlab berishgani xabar qilinmoqda.

Bu yangilik Prezident Mirziyoyevning maktablardagi vaziyat uchun hokimlar javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan chaqirig’i ortidan amalga oshmoqda.