DXX raisining ilk rasmiy chiqishi bahslarga sabab bo'ldi

O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev

O’zbekiston uchun siyosiy muxolifat Milliy xavfsizlik xizmati o’rnida tashkil qilingan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ham asosiy tahdidlardan biri sifatida qayd etildi. Bu haqda DXXning yangi raisi Ixtiyor Abdullayev parlamentdagi chiqishida gapirgan. Diniy ekstremistik guruhlarga qo’shilgan asli markaziy osiyolik jangarilarning turli davlatlar orqali O’zbekistonga qaytib kelayotgani, chegaralar ochilishi, shubhali sarmoyalar yotqizilayotgani ham mamlakat barqarorligini izdan chiqaruvchi tahdidlar sifatida tilga olindi.

Your browser doesn’t support HTML5

DXX bayonoti: O'zbekiston xavfsizligiga tahdidlar

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi yig‘ilishida “Davlat Xavfsizlik Xizmati to’g’risida”gi qonun ma’qullandi. Senat majlisida ishtirok etgan DXX raisi Ixtiyor Abdullayev yangi xizmatning vazifalari, davlat xavfsizligiga oid vaziyat haqida ma’ruza qilgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Abdullayevning ma’ruzasi DXX o’rindoshi MXXdan deyarli kam farq qilishini ko’rsatgan, ayniqsa, tahdidlar masalasida.

“O’zini muxolifat sanab yurgan ayrim kuchlarning faollashuvi, faoliyatlarini qonuniylashtirishga intilayotgani zamirida mamlakatga kirib, undagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan harakat mavjud”, - deb iqtibos keltiradi "O’zA" axborot agentligi Ixtiyor Abdullayevning parlamentdagi chiqishidan.

Bu iqtibos mamlakatda hokimiyat almashganidan buyon siyosiy muxolifat haqida hukumat og'iz ochgan dastlabki bayonot ekanligi bilan ham diqqatli.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi vatanga qaytish umidida turgan xorijdagi o’zbek muxolafatini nazarda tutmoqda, deydi mustaqil kuzatuvchilar.

Siyosiy muxolafatga nisbatan keskin murosasizlik, qatag’onlar va tazyiqlar sobiq prezident marhum Islom Karimov hukmronligi davrining asosiy ko’rsatkichlaridan biri edi. Chorak asrga cho’zilgan bu davr davomida muxolifat faollari qamoqqa tashlandi, aksariyati quvg’in qilindi, mamlakatda siyosiy muxolif faoliyat batamom yo’q qilindi.

Muxolifatga qarshi kurash vazifasi ayni paytda DXXga aylantirilgan sobiq MXXga yuklatilgan edi. Shu asnoda cheksiz vakolatlarga ega bo’lgan MXX amalga oshirgan tazyiqlar, jinoyatlar yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham keskin tanqid ostiga olingan, hatto tashkilot faoliyati qatag’onlar avjga chiqqan sobiq ittifoqdagi 37-yillarga qiyoslangan edi.

Ixtiyor Abdullayev yangi lavozimga shu yilning yanvar oyida MXXga sal kam 23 yil raislik qilgan Rustam Inoyatovning ishdan olinishidan so’ng tayinlangan edi. Rustam Inoyatov ketishi ortidan prezident MXX isloh qilinishini e’lon qildi, uning o’rniga Davlat xavfsizlik xizmati tashkil qilindi.

Avval bosh prokuror bo'lib ishlagan Ixtiyor Abdullayevning parlamentdagi ma’ruzasi uning DXX raisligiga o’tganidan buyon kuzatilayotgan ilk rasmiy chiqishi. Ma’ruza DXX ham o’z o’rindoshi MXX kabi siyosiy muxolifat faoliyatini mamlakat barqarorligiga nisbatan tahdid sifatida baholash an’anasidan voz kechmaganini ko’rsatmoqda.

DXX raisi muxolifatdan tashqari O’zbekistonga tahdid solayotgan boshqa kuchlar haqida ham to’xtalgan, asosiy xavf diniy ekstremizm, jumladan, ekstremistik guruhlarda faoliyatda bo’lgan jangarilarning turli davlatlar orqali O’zbekistonga qaytishayotgani, Afg’onistonda “Islomiy davlat”, Tolibon, Turkiston Islom harakati faollashgani bilan bog'liq ekani aytilgan.

Matbuotda Ixtiyor Abdullayev chiqishidan keltirilgan iqtiboslarga tayanilsa, mamlakatga kirib kelayotgan shubhali sarmoyadorlar va sayyohlar soni ortgan, diniy ekstremistik adabiyotlar, qurol-yarog’ olib kirilishi ehtimoli kuchaygan.

Mamlakatda separatistik, ayirmachilik kayfiyatidagi kuchlar faollashgan, ularning ayrim chet el maxsus xizmatlari tomonidan moliyalashtirilayotgani namoyon bo’lmoqda, - deydi DXX raisi.

“Diniy sohada berilgan erkinliklarni ayrimlar noto’g’ri talqin qilayotgani oqibatida, diniy aqidaparastlikning kuchayib borayotganligi, ayrim hududlarda salafiylik oqimiga kirib qolayotganlar, soqol qo’yishni o’ziga odat qilib, turli oqimlarga kirishga harakat qilyotgan shaxslar uchrab turibdi”, - deyiladi, jumladan, Ixtiyor Abdullayevning parlamentdagi ma’ruzasida.

DXX rasining dastlabki chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda bu tashkilot ham Mirziyoyev tomonidan qatag’onlar uyushtirish va vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangan MXX faoliyatini davom ettirishi mumkinligi haqida bahslarni kuchaytirdi.