O’zbekistonda salkam 30 yilga cho’zilgan lotin imlosiga o’tish jarayoniga yana ikki yil vaqt qo’shib berilgan. Bu iqtidordagi hukumatda ham kirilldan voz kechishga doir siyosiy iroda shakllanmagani bilan bog’liq ko’rilmoqda.
Hukumat tomonidan lotin imlosiga doir e’lon qilingan “yo’l xaritasi”da O’zbekiston 2023-yilning yanvaridan boshlab to’liq lotin yozuviga o’tishi belgilangan.
Hukumat qarorida “yo’l xaritasi” bo’yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlangan, unga Bosh vazir Abdulla Aripov rahbar. Asosan turli tarmoq vazirlaridan iborat bu ishchi guruhga 2023-yilning yanvariga qadar O’zbekistonda to’liq lotin yozuvini joriy etish vazifasi yuklatilgan.
Muddat, tayyorgarlik - bular hammasi shunchaki irodaning yo’qligidan, chunki bilamiz milliy tariximizda bizni bir kun ichidayoq lotin imlosidan kirillga o’tkazishgan.
Ammo mutaxassislarda hukumat qarorida ko’rsatilgan yangi sana lotinga o’tishdagi oxirgi muddat bo’lishiga jiddiy shubhalar mavjud va bu asossiz emas.
“Yo’l xaritasi”da ko’rsatilgan 2023-yilning yanvar oyi - O’zbekiston lotin alifbosiga to’liq o’tishi e’lon qilingan navbatdagi muddat. Hozirga qadar o’tish muddati bir necha marotaba o’zgardi, lotin yozuviga o’tish kechiktirib kelindi.
Sharhlovchilar O’zbekistonda salkam 30 yildan buyon yechim topmay kelayotgan “lotin-krill” muammosining asosiy sababini imloda emas, siyosatda, aniqrog’i hukumatda kirilldan voz kechishga doir siyosiy irodaning shakllanmaganida ko’rishadi.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabekning aytishicha, imloga doir masalaning ilmiy, texnik tomonlari hali marhum Islom Karimov davridayoq ishlab chiqilgan, bir necha bor o’zgartirilgan, mukammallashtirilgan, ammo tajribada qo’llashga kelganda siyosiy iroda yetishmagan.
“30 yil davomida ishlab, tayyorlab kelingan lotin imlosiga o’tish jarayoni uchun yana shuncha vaqt qo’shib berilayotgani iqtidordagi hukumatda ham siyosiy iroda shakllanmaganidan darak. Nazarimda, bu muddat so’nggisi emasdek, chunki men bu hujjatda belgilangan vazifalar bajarilmagan taqdirda qanday choralar, jazo qo’llanilishiga doir aniq bir tizimni ko’rmadim. Qolaversa, kirilldan voz kechib lotin imlosiga o’tish masalasi ilmiy, texnik jihatlarga emas, faqat siyosatga bog’liq qolmoqda. Aynan shuning uchun ham so’nggi 30 yil ichida kirilldan voz kechilmadi. Marhum Karimov jamoatchilik talabiga ko’ra lotin imlosini qo’llashga majbur bo’ldi, ammo siyosiy istak bo’lmagani uchun bu masalada so’nggi nuqta qo’yilmadi. Hozirgi hukumatda bu borada aniq bir siyosiy iroda shakllangan bo’lsa bu yaxshi, lekin bu shuncha chiqarilgan navbatdagi qarorlardan biri bo’lsa, demak muddat yana bir bor suriladi”, - deydi Isabek.
Kirilldan voz kechib lotin imlosiga o’tish masalasi ilmiy, texnik jihatlarga emas, faqat siyosatga bog’liq qolmoqda. Aynan shuning uchun ham so’nggi 30 yil ichida kirilldan voz kechilmadi.
O’zbekistonda lotin imlosiga o’tishga doir tayyorgarlik ishlari mamlakat mustaqillikni qo’lga kirishi ortidan boshlangan edi.
1993-yilga borib bu boradagi dastlabki qonun qabul qilindi. Tarixiy tajribani inobatga olish (O’zbekistonda 1929-1940 yillarda lotin alifbosi amal qilgan), jahon kommunikatsiya tizimiga kirishni jadallashtirish maqsadlari bilan izohlangan bu qonunning ijrosi esa 2021-yilga kelib ham amalga oshmadi.
O’zbekiston hukumati nima sababdan imlo haqidagi qonun ijrosi chorak asrdan oshiqqa cho’zilgani yuzasidan biror asosli izoh bergani hozirgacha kuzatilgani yo’q.
Lotinga o’tish tashabbuschilaridan biri bo’lgan Baxtiyor Isabekka ko’ra, imlo masalasida salkam 30 yilga cho’zilgan o’tish jarayoni butun bir yoshlar avlodini qurbonlikka keltirdi. Lotin-kirill o’rtasidagi ikkilanishda voyaga yetgan, savod chiqargan avlodning yoshi bugun 30 ga yaqinlashmoqda.
“Achinarlisi shundaki, muammo hamon dolzarb. Bugungi Toshkent ko’chalaridagi yozuvlarga, reklamalarga qarang. Umuman kirill alifbosidan voz kechish tashabbusi ortida nafaqat imlo, balki mustamlakachilikdan qolgan ramzlardan qutulish qarori ham turgan edi. Moskvaning qosh-qovog‘iga qarab qolganlar kirilldan to’liq voz kechishga jur’at topa olishmadi. Muddat, tayyorgarlik - bular hammasi shunchaki irodaning yo’qligidan, chunki bilamiz milliy tariximizda bizni bir kun ichidayoq lotin imlosidan kirillga o’tkazishgan. Til, imlo bilan bog’liq islohotlar esa davomiy, bu to’xtab qoladigan jarayon emas. Bular imlo o’zgarishi ortidan ham davom etaveradi”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Hukumat tomonidan e’lon qilingan “Yo’l xaritasi” da belgilanishicha, lotin imlosiga asoslangan o’zbek yozuvi yana isloh qilinadi. Bu islohot asosidagi yangi “O’zbek tilining imlo qoidalari” 2021-yilning oktabrida tasdiqlanishi ko’zda tutilgan.