O'zini mustaqil tahlil markazi deb atovchi Bipartisan Policy Center yaqinda Samarqandda mintaqaviy xavfsizlik masalasiga bag'ishlangan xalqaro anjumanda qatnashib qaytgan amerikalik ekspertlarni bir davraga to'plab, Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekistondagi o'zgarishlar va jarayonlarni baholashni so'radi.
Avvalo, O'zbekistonning Vashingtondagi yangi elchisi Javlon Vahobov so'zladi. Qisqa nutqida u bugungi O'zbekistonda o'zgarishlar avjida va buning hisobiga Markaziy Osiyoda ham yangi davr boshlandi, deya ta'kidladi.
"O'zbekiston birinchi navbatda qo'shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga bel bog'lagan. Savdo va biznes, chegara muammolarini hal etish, qatnov va transport sohalarida yaqindan ishlashni boshlaganmiz. Shu bois ham O'zbekiston mintaqa davlatlari doimiy muloqotni yo'lga qo'yib, muntazam ravishda maslahatlashib tursin, degan taklifni olg'a surdi", - deydi Vahobov.
Elchi yaqin kunlarda Prezident Donald Trampga ishonch yorlig'ini topshirishi kutilmoqda. Vahobov AQSh poytaxtida ish boshlaganiga bir oycha bo'lib qoldi.
AQShning O'zbekistondagi sobiq elchisi Jon Herbst, Amerika Tashqi siyosat kengashidan Ilan Berman, mezbon tashkilotdan yetakchi mutaxassis Bleyz Miztal va jurnalist Ketrin Patz nazarida respublikada bir yil oldin yangi rahbar xizmatga kirishganidan beri Markaziy Osiyodagi umumiy dinamika ham faollashgandek. Ayniqsa, deydi iste'fodagi diplomat Herbst, savdo va chegara borasida muzokaralar qizib, qo'shnilar azaliy muammolarni ochiq muhokama qilib, yechim qidirayotgani yangilik deyishga arziydi.
Ilan Berman fikricha, transport tizimini yaxshilash bilan mintaqa taraqqiyotning yangi pallasiga o'tishi mumkin. Hozir bu borada ketayotgan jarayonlarni jadallashtirish kerak, deydi u.
Miztal va Patz esa Markaziy Osiyo xavfsizligi bo'yicha anjumanda e'tibor asosan Afg'onistonda bo'lganiga ishora qiladi. Samarqanddagi anjumanda qatnashgan amerikalik rasmiylar aynan Afg'oniston haqida so'zlagan. Mintaqa bu faktorsiz o'z kelajagini belgilay oladimi? G'arb, xususan, AQSh Markaziy Osiyoga aynan Afg'onistondagi vaziyat sabab jiddiy qarab keladi va o'z manfaatlarini shu mamlakatdan kelib chiqqan holda ko'radi. Bunday yondashuvni o'zgartirish uchun nima qilish kerak? Afg'oniston ham Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida qaralsa, nima bo'ladi? Ekspertlar shu savollarni o'rtaga tashladi.
Herbst tahlilicha, Markaziy Osiyoning besh respublikasi jipslashib, mintaqa manfaatlarini himoya qilib, o'z maqsadlarini xalqaro hamjamiyatga dadilroq va aniqroq tushuntirgani sari jahon ahli ham regionga jiddiyroq qaray boshlaydi.
"Muhimi, O'zbekistonning bugungi rahbari Shavkat Mirziyoyev hozirgi ahd va qarorlaridan qaytmay, qat'iy harakat qilaverishi kerak. Lekin tarixdan bilamizki, davlatlar ahdidan qaytib turadi. Hukumatlar har doim ham so'zida turmaydi", - deydi sobiq elchi.
Patz xonim nazarida O'zbekistonning hukumati sinovdan o'tishi kerak. Hozirgi jarayonlar davom erishi, jadallashishi, sistematik tus olishi lozim va eng ahamiyatlisi, deydi jurnalist, kutilmagan voqealar va burilishlar yuz berganida uzoqni o'ylab qarorlar qabul qilinishi kerak bo'ladi. Hokimiyat qanchalik mustahkam, rahbar o'ziga qanchalik ishonishi va xalq tuzumga qanchalik tayanishini kutilmagan voqealar ro'y berganda bilasiz, deydi Patz.
Herbst va davradagi boshqa ekspertlar yana bir masalada yakdil. Inson huquqlari, oshkoralik, qonun ustuvorligi bobida oldinga qadamlar tashlanmasa va hukumat hozirgacha qilgan ijobiy ishlari bilan cheklansa, O'zbekistonda progress bo'ldi deb hisoblanmaydi. Fuqaro e'zozlanib, hukumat haqiqatdan ham xalqqa xizmat qilishni boshlaganini ko'rish uchun hali qilinadigan ishlar ko'p. Matbuot erkinligi, so'z erkinligi, diniy erkinlik, iqtisodiy va ijtimoiy erkinliklar himoyasi yo'lida respublika orqada, deydi mutaxassislar.
Ular O'zbekistonga "ehtiyotkorona optimizm" bilan qaramoqda. Ya'ni, deydi bu ekspertlar, O'zbekiston Islom Karimov davriga xos yopiqlik, o'jarlik va manmanlikdan voz kechib, qo'shnilari va boshqalarga hamkorlik qo'lini uzatayotgani tahsinga sazovor. Yaqingacha ular ham O'zbekistonga kiritilmagan bo'lar edi. Biroq hozir hukumat ularni taklif qilib, fikrini tinglashni xohlamoqda.
Bu tahlilchilarning maslahati shuki, hukumat oldinga bir qadam, orqaga ikki qadam tashlamay, o'z manfaatlari va maqsadlarini AQSh siyosiy doiralari va matbuotida ko'proq tushuntirishi, mamlakatni ochishi, erkinlikka tayyor ekanini ko'rsatishi lozim.
G'arb uni yaxshiroq tanishi uchun O'zbekiston qattiqroq ishlashi kerak, deydi Herbst. Patz ham jurnalist sifatida G'arb ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda bemalol ishlay olishi uchun zamin yaratilishini istaydi.
Miztalga ko'ra, muvozanatli siyosat yuritish har bir davlat uchun juda qiyin. O'zbekistonda avlodlar o'zgarar ekan, tuzumda yoshlar katta sonni tashkil etib, fikrlar orasidagi tavofut va yondashuvlar konkurensiyasi avj olarkan, tashqi va ichki siyosatni shakllantirish va amalga oshirish ham shunchalik qiyinlashaveradi. Buning uchun mamlakatga kuchli kadrlar zarur ekani tan olinadi.
Davra suhbatida ko'tarilgan yana bir masala - AQShning mintaqa bilan hamkorligida xavfsizlik va adolat targ'ibotiga beriladigan o'rinlar orasidagi kurash. Herbst deydiki, yo u, yo bu deb tanlash katta xato. Amerika huquq va demokratiya targ'ibotidan ham manfaatdor, mintaqa tinch va barqaror yashashidan ham manfaatdor. Hukumatlar qanchalik repressiv bo'lmasin, ular bilan ishlab, ularni to'g'ri yo'lga boshlash ular bilan umuman ishlamay, qo'l qovushtirib o'tirishdan ming marta afzal, deydi sobiq elchi. Boshqalar nazarida esa AQSh bu borada muvozanatli ish tutishga harakat qilsa bo'ladi.
Tramp ma'muriyati O'zbekiston bilan, ayniqsa, xavfsizlik va biznes sohalarida hamkorlikni yo'lga qo'yishga moyilroq, deya taxmin qiladi ekspertlar. O'zbekistonda demokratik islohotlar bo'lishini xohlaganlar Vashington e'tiboriga mavjud masalalarni olib chiqishni kuchaytirishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5