AQSh: O'zbekiston ko'proq harbiy yordam so'ramoqda (video)

Vashington

Yaqinda Toshkentda prezident Islom Karimov bilan uchrashgan kongressmenlar deydiki, O'zbekiston harbiy madad so'ramoqda.
11, 12 va 13-mart kunlari O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq yuqori darajali delegatsiya Vashingtonda bo’ladi.

Guruh tarkibida Mudofaa va Tashqi savdo singari vazirliklar, Milliy xavfsizlik kengashi va boshqa organlardan vakillar hamda Oliy Majlis a’zolari, xususan Senatdan Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Sodiq Safoyev va Qonunchilik palatasidan Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi raisi raisi Akmal Saidov kutilmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Komilov AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashishi ham rejalangan.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-O'zbekiston, harbiy yordam/Navbahor Imamova


Kongressda O’zbekistonga harbiy yordamni oshirish muhokamada.

Ism-sharifi oshkor etilmasligini so’ragan ishonchli manbalarga ko’ra, Obama ma’muriyati O’zbekiston chegara xavfsizligini mustahkamlash maqsadida respublikaga bir necha maxsus moslama uzatadi. Ular asosan pilotsiz ishlaydigan va kuzatuvchilik vazifasini bajaradigan kichik hajmdagi havo vositalari (UAV-Unmanned Aerial Vehicle), deya tushuntiradi rasmiylar. Bu borada Kongressga bir oy oldin nota yuborilgan. Qonunchilar qarshi emas. Mudofaa Xavfsizlik Hamkorlik Agentligi (Defense Security Cooperation Agency) bayonot berishi kutilmoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Blake) kecha Vakillar Palatasi Tashqi aloqalar qo'mitasiga bergan hisobotiga ko’ra, Afg’oniston va Markaziy Osiyodagi xavfsizlikdan manfaatdor Vashington qoradori savdosi va terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va harbiylar malakasini oshirishda O’zbekistonga ko’maklashishi kerak. 2012-yilning o’zida butun mintaqaga yuqoridagi maqsadlarda 215 million dollarga teng yordam berilgan.

Robert Bleyk Obama ma’muriyatining bugungi pozitsiyasini shunday tushuntiradi:

“Bizning xulosamizga ko’ra, islomiy jangarilar Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan favqulodda tahdid solayotgani yo’q. Lekin ehtiyot choralar ko’rmaslik katta xato bo’ladi. Bizning yordam dasturlarimiz bu mamlakatlarning xavfsizligi uchun xizmat qiladi, shu bilan birga mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va taraqqiyotni ko’zlaydi”.

Davlat departamentining Kontrterrorizm byurosi vakili Jastin Siberell deydiki, qoradori savdosiga qarshi kurash ekstremizmga qarshi harakatlarning ajralmas qismi va mintaqa davlatlari aynan shu sohada yordamga muhtoj.

Inson huquqlari himoyachilari “O’zbekistondek vijdonsiz tuzumga harbiy yordam berish diktaturani quvvatlashdir” desa, boshqalar bunday ko’mak orqali Vashington Toshkent ustidan ta’sir kuchiga ega bo’ladi, deya bahslashadi.

Harbiy vositalar keskin shartlar ostida beriladi va ularni ishlatish uchun O’zbekistonga AQSh Mudofaa vazirligidan doimiy madad kerak bo’ladi. Moslamalar muayyan maqsadga mo’ljallangan va nomaqbul qo’llangan taqdirda Pentagon chora ko’rish majburiyatini o’z bo’yniga oladi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlar.

O’zbekistonda inson huquqlari xarob ahvolda deya Kongress tomonidan 2004-2005-yillarda joriy etilgan sanksiya, hamkorlikka qo’yilgan cheklovlar 2012-yil boshida vaqtincha bekor qilingan edi. Respublika bilan xavfsizlik bobida birga ishlamay iloj yo’q, deya izoh bergan edi Obama ma’muriyati. Harbiy jihozlar uzatilgan, jumladan tunda ko’radigan durbinlar, zirxli kiyimlar va aloqa vositalari.

“Amerika Ovozi”ga shunisi ham ma’lumki, O’zbekiston Vashingtondan qurol-aslaha sotib olish niyatida. Shuningdek, Afg’onistonda ishlatilgan ayrim vositalarni unga qoldirishni so’ramoqda.

Obama ma’muriyati savolga tutilganida, hali biror qarorga kelinmagan va biror vosita berilgan taqdirda ham ular jangovar qurollar bo’lmaydi, deya javob berishadi.

Amerika inson huquqlari va demokratiya bilan bog’liq muammolarga ko’z yumayotgani yo’q, deydi Bleyk, aksincha O’zbekiston hukumatiga masalan vaziyat yaxshilanmas ekan, hamkorlik cheklanganicha qolaveradi deya tushuntirib kelmoqda, uni islohotlarga undamoqda. O’zbekiston jamiyati erkinlashishi, qonun ustuvorligi va oshkoralik tomon qadam tashlashi lozim, deydi yetakchi diplomat.

Yaqinda mintaqaga safar qilib, Toshkentda prezident Islom Karimov huzurida bo’lgan yetakchi kongressmen, Kaliforniya shtatidan respublikachi Dana Rorabaker (Dana Rohrabacher) deydiki, O’zbekiston hukumati AQSh delegatsiyasiga bir narsani ochiq aytgan:

“Karimov ma’muriyati xavfsizlik kuchlari va armiya qo’lidagi vositalarni yangilashga bel bog’lagan. Sovet davridan qolgan, asosan Rossiyadan kelgan qurol-aslaha va jihozlarni Amerika mahsulotlariga o’zgartirmoqchi… Buni bizga ochiq aytishdi. Endi, bilamizki, O’zbekiston huquq bobida oldinga siljimayotgan, repressiv tuzum. Lekin Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistonidek inson huquqlarini keng poymol etadigan tuzumlarni qurol-aslaha bilan ta’minlab keladi. Vaholanki, qirollik dunyo bo’ylab terrorizmga homiylik qiladi. O’zbekiston esa terrorga qarshi kurashda bizga ittifoqchi. Xo’sh, nima uchun bu davlatga qurol bermasligimiz kerak? Kimga qurol uzatish-uzatmaslikni qanday tamoyillarga asosan hal qilayapmiz?” - deya so’raydi kongressmen Rorabaker.

Kaliforniya shtatidan demokrat qonunchi Bred Sherman (Brad Sherman) esa safdoshi fikrini rad etgan holda, AQSh inson huquqlari targ’ibotini eplay olmagani fojia, deydi.

“Davlatlar bilan hamkorlikdan qanchalik manfaatdor bo’lmaylik, o’z qadriyatlarimizni oyoq osti qilmasligimiz, vijdonan ish tutishimiz kerak”, - deydi Sherman Kongressda o’tgan muhokamada.

Vakillar Palatasi Tashqi aloqalar qomitasida muhokama, Vashington, 27-fevral, 2013

​Massachussetts shtatidan demokrat Bill Kiting (Bill Keating) ham demokratiya va erkinlik kuychisi bo’lish har bir yordamni yetti o’lchab bir kesgan holda berishni talab qiladi, deydi.

O’zbekiston singari davlatlar yordam so’rasa, demokratik islohotlar sharti ostida berish kerak, deydi u.

Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibi muovini

Robert Bleyk ularning savollariga javob berar ekan, O’zbekiston jangovar qurollar so’rayotgani yo’q, gap texnik jihoz-vositalar haqida ketmoqda, deydi.

Afg’onistondan jangovar qurollar asosan Pokiston orqali havo yo’llari bilan olib chiqiladi, deydi Bleyk, chunki mintaqa hukumatlari bunday aslaha ular hududidan o’tishini istamaydi.

“Askarlarimiz Afg’onistonni tark etadi, ammo biz mintaqada hali uzoq bo’lamiz. Tinchlik uchun O’zbekiston nihoyatda muhim. Eng yirik jamiyat u. Maqsad – bu xalq bilan hamkorlikni kengaytirish, har sohada. Muntazam muloqot samara beradi. O’zbekistonni taraqqiyot tomon undash AQSh uchun faqat foyda”, - deydi Robert Bleyk.

http://www.youtube.com/embed/-GuSDo--sEM