Xalqaro huquq tashkilotlari prezidentlar Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqmoqda. Vashingtondagi uchrashuvlar munosabati bilan 12 xalqaro tashkilot imzolagan bayonotda "O’zbekistonda so’nggi yildagi ijobiy o’zgarishlarga qaramasdan, mustaqil internet nashrlarining bloklanishi, siyosiy va diniy erkinliklar ta’minlanishi hamon muammo sifatida qolmoqda", deyiladi.
O’zbekiston rahbariyatiga siyosiy ayblovlar bilan qamalgan mahbuslarni zudlik bilan ozod qilish, diniy, siyosiy erkinlar cheklanishiga asos bo’lib kelgan Jinoyat kodeksidagi 159-moddani qayta ko’rib chiqish va bu kabi moddalarni xalqaro me’yorlarga moslashtirish tavsiya qilinmoqda.
Xalqaro Amnistiya, Chegara bilmas muxbirlar, "Human Rights Watch" (HRW) kabi o'ndan ortiq xalqaro tashkilotlar imzo chekkan bayonotda Prezident Tramp ham, Kongress vakillari ham O’zbekistondagi inson huquqlari bilan mavjud vaziyatga jiddiy diqqat qaratishi kerakligi aytilgan.
Xalqaro tashkilotlar so’nggi yilda O’zbekistonda amalga oshirilayotgan o’zgarishlarni, xususan huquq himoyachilari, jurnalistlar, siyosiy mahbuslar ozod etilayotganini olqishlasa-da, muammolar hamon majvudligi ta’kidlanadi.
Huquq himoyachilari O’zbekiston hukumatini siyosiy ayblovlar bilan qamalgan tadqiqotchilar Andrey Kubatin, Akrom Malik, rejissyor Mirsobir Hamidqoriyev, Dilorom Abduqodirova, Ruhiddin Faxriddinov kabi dindorlarni zudlik bilan ozod qilish orqali aynan shunday masalalarni ko’tarishga da’vat qilmoqda.
Shuningdek, Kongress O’zbekiston bilan munosabatlarda inson huquqlari AQSh uchun ustuvor masala ekanini ta’kidlaydi.
Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, O’zbekistonda siyosiy, diniy erkinliklar cheklanishi, jumladan so’z erkinligi masalasida ham mustaqil internet nashrlarini bloklash amaliyoti hamon davom etmoqda.
12 ta xalqaro tashkilotdan iborat bu guruh O’zbekiston hukumatini inson huquqlari bo'yicha BMT bilan yaqin hamkorligini olqishlaydi. Ammo BMT berayotgan tavsiyalar, jumladan shafqatsiz qiynoqlar qo’llanilishi bilan nom qozongan “Jasliq” qamoqxonasini yopish hamon inobatsiz qolayotganini eslatadi.