2014-yilda O’zbekiston tashqi siyosatida Rossiya bilan munosabatlar asosiy o’ringa chiqdi. O’zbekiston ichki siyosatida biror o’zgarish bo’lmadi. Faollar 2014-yilda ham tazyiqlar muqim qolgani, siyosiy mahbuslar soni oshgani, so’z erkinligini cheklash yanada kuchayganini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
2014-yilda tashqi siyosatdagi muhim vazifalardan biri Rossiya faktorini belgilash bo'lgan. Bu yil oxirida kuzatilgan so'nggi oliy tashrif Vladimir Putinga tegishli ekani bilangina bog'liq emas.
Yil davomida Ukraina inqirozi mintaqa diqqatida turdi. O'z mustaqilligidan xavotir qilgan Markaziy Osiyo liderlari Moskva bilan aloqalarni qanday yo'lga qo'yish haqida qayg'urib qoldi.
So'nggi paytda Moskvadan yiroqlashish emas, ittifoqqa kirish lozimligi haqida xulosalar yangrayapti. 2015-yildan Qozog'iston va Qirg'izistonni, keyinchalik Tojikistonni ham o'z safiga qo'shishi kutilayotgan Yevrosiyo ittifoqi rasman faoliyat boshlaydi.
Toshkent bu ittifoqdan chetda, ammo 2015-yildan O'zbekiston ham ittifoqqa qo'shilishi haqida Moskvadan da'vatlar ko'paygan.
Siyosatshunos Farxod Tolipov nazarida Rossiya O'zbekistonning eng muhim hamkori, ammo Yevrosiyo ittifoqiga qo'shilish haqidagi qarashlar asossiz. Putinning Toshkentga tashrifi davomida aloqalarni ikki tomonlama bitimlarga muvofiq rivojlantirishga kelishilgani muhim natija.
“O'zbekistonni bu Ittifoqqa qo'shilishi haqida aylanib yurgan mish-mishlar asossiz. Bunday ma'lumotlarga tushunmovchiliklar sabab bo'lgan. Go'yo Putinning Toshkentga tashrifi paytida O'zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga kirishi haqida kelishilgani aytilmoqda. Bu narsa noto'g'ri tushunilgan. Aslida bu tashkilot a'zolari va O'zbekiston o'rtasida erkin savdo hududini yaratish haqida gap borayapti. O'zbekiston faqat shunday yechimga qo'shilishi mumkin. Rossiya bilan aloqalar hozirgidek ikki tomonlama tarzda davom etadi”, - deydi Farxod Tolipov.
2014-yil O'zbekiston tashqi siyosati uchun Ukraina inqirozi tufayli dolzarblashgan Rossiya faktorini asosiy planga chiqargan bo'lsa, fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan tazyiqlar va muntazam nazorat mamlakat ichki siyosatidagi ustuvor yo'nalishligicha qolgan.
Joriy yilda ham faollar tazyiqdan xoli bo'lishmagan. Mart oyida muxolifatdagi “Erk” partiyasining ikki faoli Faxriddin Tillayev va Nuriddin Jumaniyozovlar odam savdosida ayblanib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.
O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov nazarida 2014-yil faollar uchun og'ir kechgan.
“Inson huquqlari bo'yicha yaxshi tomonga o'zgarish bo'lmadi. Qiynoqlar, qamashlar hamon davom etayapti. Buning yangi usullarini o'ylab topishayapti, oxirgi sudlarni nazarda tutsak. 2014-yilda bu narsalar yanada ko'paydi, masalan bu yilgi paxta mavsumini ham oling, hech qanchon odamlar paxtaga bu darajada safarbar qilinmagan. Milliondan oshiq kishi majburiy mehnatga olib chiqildi. Bu sharmandalik, boshqa tomondan ularni qo'rqitib ishlatish - huquqlarini qo'pol buzishdir. Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli O'zbekistonga qaytib kelayotgan mehnat muhojirlari bilan bog'liq vaziyat ham tugayotgan yilning muhim voqealaridan”, - deydi Surat Ikromov.
So'z erkinligi masalasida ham 2014-yil O'zbekiston uchun og'ir kechdi. Mamlakatda qolgan bir necha mustaqil jurnalistga tayanib xorijdan faoliyat yuritib kelgan “Uznews.net” agentligi tazyiqlar bois o'z faoliyatini to'xtatishga majbur bo'ldi. Xakerlar hujumiga uchragan “Uznews.net” bu qarorini nashr bilan hamkorlik qilgan jurnalistlar taqdiri xavf ostida qolgani bilan izohladi.