"O'zbekistonda qirg'in" filmi muallifi Maykl Andersen bilan suhbat

Daniyalik mustaqil jurnalist Maykl Andersen

O’zbekistonda inson huquqlariga doir muammolar, xususan, Andijon voqealari haqida film tayyorlab nom chiqargan daniyalik mustaqil jurnalist Maykl Andersenning yangi kartinasi yaqin kunlar ichida tomoshabin e’tiboriga havola etiladi.

Maykl Andersen Andijon voqealari haqida izchil material tayyorlab, uni Al-Jazira kanali orqali keng ommaga taqdim etishga muvaffaq bo’lgan yagona jurnalistdir. Uning aytishicha, so’nggi ishi oldingi filmlariga xotima.

"Biz avval Andijon voqealari haqida gapirgan edik, so’ng buning oqibatida G’arbning O’zbekistondan ko’ngli qolganini ma’lum qildik. Yangi film xulosasi shundan iboratki, G’arb endi yana Karimov bilan do’st bo’lishga tayyor. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda O’zbekistonda bo’lib, uni maqtadi".

“O’zbekistonda qirg’in” 1 soat 20 daqiqali film bo’lib, ingliz, rus va o’zbek tillarida chiqishi kutilmoqda.


"Bilamizki, hozir G’arbda hech kim, hech bir telekanal o’zidan ancha uzoq bo’lgan O’zbekiston haqida tanqidiy material ko’rsatishni istamaydi. Bundan tashqari filmning xronometraji uni televideniye orqali namoyish etishga imkon bermaydi. Shuning uchun uni bepul ravishda internetga joylashga qaror qildik, toki o’zbekistonliklar va boshqalarda tomosha qilishga imkon bo’lsin", - deydi Maykl Andersen.

Kartinada Andijon voqealari guvohlari, inson huquqlari faollari, mustaqil jurnalistlar, xorijiy arboblar O’zbekistondagi siyosiy va huquqiy manzara haqida fikr bildiradi.

O’zbekiston hukumatidan ham izoh olishga harakat qildik, deydi jurnalist.

Daniyalik mustaqil jurnalist Maykl Andersen

"2005-yil may oyidan beri O’zbekiston vizasini olish uchun 28 bor murojaat etdim. Yuzdan ortiq marta Toshkentdagi rasmiylar bilan bog’lanib, intervyu olishga harakat qildik. Agar janob Karimov men bilan uchrashmoqchi bo’lsa, aytsin, qayerda bo’lsa ham, boraman. Aminmanki, tez kunlarda O’zbekistonda menga qarshi, bu filmga qarshi qora piar-kampaniya boshlanadi", - deydi daniyalik jurnalist.

“O’zbeklar orasida ommabop bo’lgan “och qornim - tinch qulog’im” iborasiga qanday qaraysiz? Yaqin Sharqdagi zo’ravonliklar, Qirg’izistondagi etnik qirg’in O’zbekistonga kerakmi? Shuncha yillardan beri mamlakatda osoyishtalikning hukm surishi Karimovning xizmati emasmi” deya so’rayman Andersendan.

Your browser doesn’t support HTML5

Jurnalist Maykl Andersen O'zbekistonda inson huquqlari haqida yangi film ishladi


"Toshkentda bo’lganimda qo’shnim “mozorda ham osoyishtalik hukm suradi” der edi. Albatta, o’z fikrini bildirgan, tanqidiy qarashlarni ovoza qilgan hamma odamlarni qamasangiz, mamlakatdan quvsangiz ham osoyishtalik bo’ladi. Ammo bu bilan odamlarni baxtli, hayoti yaxshi deb bo’lmaydiku. Ertami-kech vaziyat portlaydi. O’shanda ahvol hozirgidan ancha yomon bo’ladi", - deydi Maykl Andersen.

“O’zbekistonda qirg’in” filmi ijodkorlari Yevropa davlatlarida turli tadbirlar o’tkazib, G’arb jamoatchiligi diqqatini O'zbekistonda inson huquqlari ahvoliga qaytarmoqchi.

http://www.youtube.com/embed/9Hd1LyTN8Q8