Bostondagi o'zbek xonadonlarida: AQShda farzand boqib olgan ona bilan suhbat

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda farzand boqib olgan o'zbekistonlik ona bilan suhbat- Boston, Massachussetts shtati

Massachussetss shtati poytaxti Boston va uning atrofida o’zbeklar boshqa katta shaharlarga qaraganda unchalik ko’p emas. Dunyoning bu qismlariga asosan talabalar kelib ketadi. Lekin bugun o’zbekistonlik oilalar yetib bormagan joy yo’q.

Atlantika okeani bo’yidagi Marina Bay degan joydamiz - sohilbo’yi. Sokin, uzoq qish va uyqudan keyin nihoyat uyg’onayotgan tabiat odamlarni ham harakatga, o’z bag’riga chorlayotgandek. Dam olish kunlari emasmi, sayr qilish uchun ayni muddao. Bostondan mashinada yarim soatcha yo’l bosib shu yerga yetib keldik.

Munavvar va Dilafruz, o’zbekistonlik ikki yosh ona, oilasi bilan shu hududda yashaydi.

“Amerikaga 2008-yilda kelganman. Avval Baltimorda yashadim. Keyin esa turmush o’rtog’im bilan shu yerga ko’chib keldik. Uning yaqinlari va biznesi shu yerda”,- deydi Dilafruz.

Ish shaharda, lekin okean bo’yidagi kichik shaharchalar farzand katta qilish uchun juda qulay.

Munavvarning xonadonidamiz. 36 yoshli juvon o’zini Buxoro va Samarqand farzandi deb biladi. Britaniyada, London iqtisod oliygohida o’qishini bitirib, Amerikaga kasbiy sabablar bilan kelgan. Yirik bir korporatsiyada auditor bo’lib ishlaydi. Bo’lajak turmush o’rtog’i bilan Bostonda tanishib, oila qurgan. Musofirlikning o’z gashti va shartlari bor, deydi u.

“O’zbekistondan Yevropaga bordim, u yerda o’qib yashadim, keyin esa Amerikaga keldim. Madaniy shokka uchraganman. Ayniqsa ovqatga o’rganishim qiyin bo’lgan. O’zimizning ovqatlarni sog’inardim, mazasi boshqacha-da. Lekin odam o’rganib ketar ekan, mana ovqatlarimizni o’zim pishiraman. Bu yerning yeguliklariga ham ko’nikdik”.

Munavvar turli elatlar va madaniy tushunchalar orasida katta bo’lgani uchun Amerikada yo’lni topib ketish ancha oson bo’ldi, deydi. Lekin Bostondek biznes markazida mentalitet boshqacha. Ishxonada odamlar bir-biriga u qadar yaqin emas.

"Hamkasblarimni to’yimga taklif qilganimda hayron bo’lishdi", - deydi Munavvar, "biz sening oiling emasmiz-ku, deya ajablanishdi."

Boston - global shahar, deydi suhbatdoshim, bu yerda odamlar tashqi dunyo haqida ancha yaxshi biladi. Xalqaro hayotga befarq emas.

"Ota-onamdan olgan eng bebaho saboq bu mehr-oqibatli bo’lish, ezgulik ulashish", - deydi Munavvar.

Suhbatdoshimiz bir yarim yoshli Mayklning onasi. Tashlandiq chaqaloqni asrab olishni insoniy burchimiz deb bildik, deydi u.

O’g’lini erkalatib Misha deb chaqirar ekan, Munavvar uning boshqa irq vakili bo’lishiga qaramay o’zbekona tarbiyalashga bel bog’laganini aytadi.

Munavvarning turmush o’rtog’i biz bilan kamerada oldida gaplashishga uyaldi lekin o’g’li o’zbekchani tushunishini aytadi. Onasi singari Maykl ham quvnoq va xushchaqchaq. O’zbekchani ham tushunadi, ruschani ham va albatta inglizchani.

Dunyo ishlari qiziq ekan, deydi Munavvar. Maqsad va orzuga yetish boshqa narsa ekan, lekin ular sizni qayerga yetaklashini ham bilmas ekansiz.

Taqdir, ish va hayot. O’zbekistonda bo’lgani kabi bu yerda ham hamma o’zi bilan ovora. Kundalik tashvishlar, yugur-yugur va oilangiz davrasidagi bebaho lahzalar.