Qirg'izistonda o'zbeklar uchun joy bormi?

Antropolog Morgan Lyuning “Sulaymon taxtining ostida: O’zbeklarning O’shda jamiyat tiklanishiga doir umidlari” kitobi.

Ogayo davlat universiteti professori Morgan Lyu qirg’izistonlik o’zbeklar hayotiga bag’ishlangan yangi kitobi muhokamasiga ana shunday nom berdi. Kitob yaqinda Amerikada nashrdan chiqdi.

Yosh olimning kitobi “Sulaymon taxtining ostida: O’zbeklarning O’shda jamiyat tiklanishiga doir umidlari” deb nomlanadi. Muallif mahalliy o’zbeklarning 1993-yildan 2011-yilgacha bo’lgan davr mobaynidagi hayotini tahlil qilgan. Kitobda ularning siyosiy qarashlari, Qirg’iziston jamiyatidagi o’rni, islom dinining o’zbeklar hayotidagi roli va muammolarni bartaraf etishdagi ahamiyati, 2010-yil O’sh voqealari va o’zbeklar mavqeiga ta’siri ta’riflangan.

Morgan Lyuning aytishicha, qirg’izistonlik o’zbeklar ularga nisbatan “ozchilik” yoki “diaspora” degan iboralarning qo’llanilishiga qarshi. Chunki ular o’zini janubda ozchilik deb hisoblamaydi. “Diaspora” so’zi esa, asosan, kelgindilarga nisbatan ishlatiladi, o’zbeklar esa o’zini O’shda yerli aholi deb hisoblaydi, deydi olim.

Kitobda mustaqillikdan keyingi davr bir necha qismga bo’linadi va o’zbeklarning turli paytdagi orzu va intilishlari tahlil qilinadi.

"Mustaqillikning ilk yillarida o’zbeklarda O’sh Avtonomiyasiga intilish kuchli edi. Aynan shu hol keyinchalik qirg’izistonlik o’zbeklar boshiga balo bo’ldi", - deydi Morgan Lyu.

Qirg’izlar uchun qardosh xalqni ayblashda yaxshi bahona paydo bo’ldi. 2010-yil O’sh qirg’iniga yetaklagan asosiy sabab ham shu bo’ldi, garchi so’nggi yillarda o’zbeklar mustaqillik, avtonomiya yoki O’zbekistonga qo’shilish kabi g’oya va xayollarni ovoza qilmasada.

2000-yildan boshlab bu xayollarni ovoza qilishga sabab yo’qoldi, deydi kitob muallifi.

"Qirg’iziston “demokratiya oroli” nomini oldi, so’z va matbuot erkinligi kuchaydi, tadbirkorlik uchun sharoit O’zbekistonda mavjud bo’lmagan miqyosda yaratildi. Natijada qirg’izistonlik o’zbeklarning iqtisodiy ahvoli, turmushi yaxshilandi, ular Qirg’iziston fuqarosi ekanidan faxrlana boshladi", - deydi olim.

Ustiga-ustak, deydi professor Lyu, 2005-yilda Andijonda tinch aholining qirilishi qatliomdan qo’shni davlatga qochgan yuzlab andijonliklar hikoyasini o’rgangan qirg’izistonlik o’zbeklar tomonidan qoralandi.

Yosh olim nazarida O’zbekiston hukumatining xorijdagi o’zbeklar taqdiriga befarqligi ham o’shlik o’zbeklarga kelajagini Qirg’iziston davlatchiligiga bog’lashdan boshqa chora qoldirmadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'izistonda o'zbeklar uchun joy bormi? Odil Ruzaliev lavhasi



Biroq 2010-yil O’sh qirg’ini o’zbeklarni yana sarosimaga soldi. Prezident Qurmanbek Bakiyevning hokimiyatdan ketishini olqishlab, umidlarini yangi inqilob va yangi hukumat bilan bog’lagan o’zbeklar 20 yilda ikkinchi bor millatchilik to’lqiniga urildi. So’nggi ikki yildan beri tinmay davom etayotgan kamsitishlar, bosimlar, tazyiqlar o’zbeklarni kelajagini ortiq bu davlat bilan bog’lash fikridan qaytarmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish



"2010-yil voqealari juda katta fojia bo’ldi. Ko’plab odamlar nobud bo’ldi, ikki xalq o’rtasida ishonch yo’qoldi. 1990-yil qirg’inidan so’ng vaziyat o’nglanishiga umid bor edi, ammo hozir bunday deb bo’lmaydi", - deydi olim.

Shunga qaramay Morgan Lyu nazarida jamiyatda sog’lom fikr yana hukm surishiga umid bor.

O'sh: Qirg'indan keyingi manzara


O'sh: Hayot quvonchlari va tashvishlari