Breaking News

Qirg’iziston janubida yangi radiostansiyalar ishga tushadi


Qirg’iziston poytaxti Bishkekda joylashgan “Internet siyosati bo’yicha fuqarolar tashabbusi” jamoatchilik jamg’armasi ma’lumotiga ko’ra, mamlakat janubida hududiy kichik radiostansiyalar tarmog’i barpo etilayotir.

Qirg'iziston janubida yangi radio tarmoq/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:02 0:00
Yuklab oling


Ushbu mikroradiostansiyalar o’zaro axborot almashuvi orqali region aholisiga yangiliklarni yetkazib turadi.

Yil oxirigacha ular besh shahar va tumanda ochilishi ko’zda tutilgan. Birinchi radiostansiya O’sh viloyatining Aravon tumanida ish boshlaydi.

Xalqaro tashkilot tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha “Internet siyosati bo’yicha fuqarolar tashabbusi” jamg’armasi tomonidan amalga oshirilayotir.

Loyiha hamkorlaridan biri Iqbol Isoqovning tushuntirishicha, joylardagi yangiliklar markazdagi radiostansiyaga jo’natiladi.

“To’plangan mahalliy axborot markazda ishlab chiqilib, xabar tariqasida besh joyga efirga uzatiladi. Shunday bo’ladiki, aytaylik, aravonlik tinglovchilar nafaqat o’z tumanidagi yangiliklar, balki qo’shni qishloqlardagi voqealar bilan ham tanishish imkoniga ega bo’ladi. Ayni paytda Qirg’izistondagi yangiliklar bilan ham tanishadilar”, - deydi u.

Hududiy mikroradiostansiyalar tizimi joylarda axborot taqchilligini kamaytirish hamda aholini sifatli va tezkor axborot bilan ta’minlashni maqsad qiladi. Birinchi bosqichda eshittirishlar qirg’izzabon tinglovchilar uchun mo’ljallangan. Keyinchalik o’zbek va rus tilida dasturlar ham tayyorlanishi ehtimoli aytilmoqda.

Yangi radiotarmoqda xizmatga asosan yosh jurnalistlar jalb qilinyapti. Ayni paytda keng hamkorlar doirasini shakllantirish ustida ish olib borilayotir.

“Loyihani amalga oshirayotgan jamoatchilik jamg’armasi kerakli radio to’lqinlarni ham olgan. Radiostansiya o’z eshittirishlarini joriy yil dekabr oyida efirga uzata boshlaydi. Hozirda joylarda loyihani taqdim etish ishlari ketayotir. Ayni paytda mahalliy yosh jurnalistlar bu ishga chaqirilmoqda”, - deydi Iqbol Isoqov.

Aytish joizki, xalqaro tashkilotlar Qirg’iziston janubida axborot maydonini kengaytirish ishlariga salmoqli hissa qo’shmoqda.

Aytaylik, Amerikaning “Internews” tashkiloti qirg’iz hukumati bilan hamkorlikda O’shda “Intimoq”, ya’ni “Birdamlik” deb nomlangan yangi teleradiokompaniya ochdi. Ko’rsatuv va eshittirishlar qirg’iz, o’zbek va rus tillarida olib borilishi ko’zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG