Hisobot: Suriyada o'zbeklarning aksariyati IShIDga qarshi kurashmoqda

Markaziy Osiyo va xavfsizlik masalalari bo'yicha ekspert Noa Taker (Noah Tucker) mintaqadan chiqqan jangarilarning Suriya ixtilofidagi ishtiroki mavzusida yaqinda yangi hisobot chiqardi. Unda mintaqa yoshlarining, xususan, o'zbekistonliklarning Suriyadagi radikal jihodchi guruhlarga qanday qo'shilayotgani va buning sabablari tahlil qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriyadagi o'zbeklar, Behzod Muhammadiy

Suriya va Iroqda, shu yil boshidagi hisob-kitobga ko'ra, 20 mingdan ortiq xorijlik jangari bor. Bu o'tgan asrning 80-yillarida Afg'on-Sovet urushida qatnashgan chet ellik mujohidlar sonidan ham ko'p. Suriya mojarosi ayni paytda II Jahon urushidan beri o'ziga eng ko'p xorijlikliklarni jalb etib, musulmonlarga aloqador eng katta mojaro sifatida ko'rilmoqda.

Iroq va Suriya urushiga ko'plab ichki va tashqi guruhlar aralashgan. Iroq va Suriya armiyalarida asosan, shia guruhlari jang qilayotgan bo'lsa, ularga muxolif guruhlarda bir-biriga qarshi ko'plab sunniy to'dalar mavjud.

Tadqiqotchi Noa Taker fikricha, xorijliklarni o'ziga jalb etgan guruhlar rang-barang va ko'p bo'lishiga qaramay, barchaning diqqat markazida, asosan, "Islomiy davlat" turibdi.

"Masalaning yana bir qiziq jihati shundaki, mintaqada, ayniqsa, O'zbekistonda matbuotning e'tibori faqat IShIDga qaratilgan. Aslida esa, bizdagi ma'lumotlarga qaraganda, o'zbeklar ko'proq boshqa guruhlarga, ya'ni, IShIDga qarshi kurashayotgan guruhlarga borib qo'shilyapti", - deydi u.

Tahlilchi fikricha, sabab - "Islomiy davlat"ning e'tibor jalb qilish bo'yicha olib borayotgan muvaffaqiyatli strategiyasidir. Guruh o'ta vahshiy va ijtimoiy tarmoqlardan ustamonlik bilan foydalanadi.

Suriya-Iroq urushiga tortilgan xorijlik jangarilar orasida sobiq Sovet davlatlaridan kelganlar son jihatdan G'arb va Yaqin Sharqdan so'ng uchinchi o'rinda. Ammo aniq raqamlarni bilish qiyin, ishonchli manba yo'q.

Takerning aytishicha, salafiy-jihodchilar e'tibori Pokiston-Afg'oniston mintaqasidan Suriya-Iroq regioniga ko'chishi oqibatida ko'plab tajribali jihodchilar O'zbekiston islomiy harakati hamda Islomiy jihod ittifoqi kabi guruhlar safini tark etib, Yaqin Sharq sari otlangan.

IShID haqidagi bo'rttirilgan va noto'g'ri ma'lumotlar ko'plab yoshlarni o'ziga jalb qilmoqda, deydi Noa Taker.

"Mening izlanishlarim shuni ko'rsatdiki, IShIDning o'zbeklarni yollashida noto'g'ri ma'lumotlar ko'p. Guruhga qo'shilganlar yoki uni qo'llab-quvvatlaydiganlar, asosan, Rossiyadagi migrant ishchilar orasida kuzatilgan bo'lsa, ularning IShIDga xayrixohligi musulmonlar bugun zulm ostida va IShID shu zulmga qarshi kurashmoqda, degan soxta da'vo asosiga qurilgan", - deydi tadqiqotchi.

Noa Taker hisobotida yozilishicha, mintaqaga kelayotgan o'zbekistonliklarni, asosan, ikki toifaga bo'lish mumkin. Ulardan birinchisi shimoliy Suriyadagi "Jabhat al-Nusra" guruhiga mansub bo'lib, "Halab o'zbeklari" deb atalsa, ikkinchi guruh IShID safida kurashmoqda va ular, asosan, Suriyaning Raqqa hamda Iroqning Mosul shaharlarida joylashgan.

"IShID jangarilari AQSh va Isroilga qarshi boshlangan global jihodda ishtirok etayotganiga ishonsa, Al-Buxoriy jamoati, Tavhid va Jihod hamda Al-Qoidaga aloqador "Jabhat al-Nusra" guruhlariga qo'shilgan ozbeklar, asosan, ayollar va mazlumlarni himoya qilayotganini, musulmon yerlarini zolimlardan xalos etishga urinayotganini da'vo qiladi. Ular safiga borib qo'shilmoqchi bo'lganlar shu ishlar bilan shug'ullanamiz, deb o'ylashadi", - deydi Taker.

O'zbeklarning Suriyadagi janggohlarga borib qo'shilishida mehnat, ayniqsa, iqtisodiy migratsiya eng asosiy omil ekani aytiladi. Ularni yollash jarayoni, asosan, internetda va Markaziy Osiyodan tashqarida yuz beradi. Rossiyaga ishlash uchun ketgan mehnat muhojirlari jihodchilarga xayrixoh odamlar bilan do'stlashishi yoki ijtimoiy tarmoqlarda o'zbek tilidagi jihodga undovchi guruh va shaxslar bilan tanishishi oqibatida IShID va boshqa jangari guruhlar qarmog'iga ilinmoqda, deydi Taker.

"Ularning aksariyati aldangan. Ular bu guruhlarning kimlar ekanini tushunmaydi. Borib qo'shilganlaridan keyin umidlari puch bo'lmoqda. Chunki ular ko'p vaqtlarini boshqa jihodchi guruhlarga qarshi kurashish bilan o'tkazmoqda", - deydi u.

Tadqiqotchi nazarida Markaziy Osiyo hukumatlari "Islomiy davlat" guruhi va ideologiyasiga qarshi kurash choralarini kuchaytirgan, ammo o'z fuqarolarining bunday guruhlarga qo'shilishi sabablarini bartaraf etish bo'yicha jiddiy siyosat yuritayotgani yo'q. Iqtisodiy va ijtimoiy asosga ega muammolarni bartaraf etmasdan turib, yoshlarning radikallashuvi muammosini hal qilish imkonsiz, deydi Taker.