Telereportaj: O'zbeklar Texasda. 5-qism. Professional bokschilar

Bahodir Mamajonov, professional bokschi (o'ngda)

Amerikani imkoniyatlar diyori deb bejiz aytishmaydi. Iste’dod sohiblari kattaroq imkoniyatlarga erishish, bilim va mahoratlarini oshirish maqsadida bu yurtga oshiqadi. Amerika nafaqat ilm-fan, san’at, ilg’or texnologiyalar mutaxassislari, balki sportchilarni ham o’ziga tortadi. "Amerika Ovozi" yaqinda Texasda bo’lib, professional boks cho’qqilarini zabt etishga harakat qilayotgan o’zbekistonlik sportchilar bilan uchrashdi.

Bahodir Mamajonov asli Qo’qondan. Yoshi 25 da. Boks bo’yicha to’rt karra O’zbekiston chempioni, Osiyo chempioni, harbiylar o’rtasida ikki karra jahon chempioni, xalqaro musobaqalar g’olibi. Havaskor boksda katta yutuqlarga erishib, o’zini professional boksda ham sinamoqchi bo’ldi. Buning uchun Amerikaga borishga qaror qildi.

Bahodir Amerikaga 2010-yil sentabrida kelib, bir yillik tayyorgarlikdan so’ng ilk bor professional ringga chiqdi. U ringga “Baha” taxallusi bilan chiqadi. 61 kilogram vaznda bir yilda 13 jangda qatnashib, birini boy berdi. O’shanda ham 25 jangda mag’lubiyat alamini bilmagan tajribali bokschiga yutqazdi.

http://www.youtube.com/embed/RSJuZRbBMw8

Bahodirning tirishqoqligi va mehnatkashligi meni qoyil qoldiradi, deydi uning ustozi Kennet Richardson.

“Bahodirni zalda shug’ullanayotgan paytida ko’rib qoldim. Uning shijoati, shashti menga kuch bag’ishlaydi, u bilan mashq qilgim keladi. Bahodir juda tezkor, iqtidorli bokschi, chapaqay, tez o’rganish qobiliyatiga ega. Raqsga tushishni yaxshi ko’radi, bu esa boksda muhim, chunki oyoq tez harakat qilsa, qo’l ham tezkor bo’ladi. O’zbek xalqi u bilan faxrlansa arziydi”.

Axror Muralimov O’rta Chirchiqdan. Og’ir vaznlilar orasida yaxshi natija ko’rsatmoqda. Bir yilda 13 jang o’tkazib, barchasida g’olib bo’ldi, 11 tasini nokaut bilan yakunladi. Axrorning aytishicha, havaskor va professional boks o’rtasida farq katta.

Kennet Richardsonning o’zbekistonlik tarbiyalanuvchilaridan umidi katta. U nafaqat murabbiy, balki ularga homiy hamdir. Bahodir va Axror ham o’zbek boks maktabining zafarona an’analarini davom ettirish niyatida qat’iy.