O'zbekistonning yangi elchisi AQSh rahbariga ishonch yorlig'i topshirdi

O'zbekiston elchisi Javlon Vahobov Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan, 30-noyabr, 2017

AQSh poytaxtida O'zbekistonning yangi bosh diplomati favqulodda va muxtor elchi sifatida ish boshladi. 37 yoshli Javlon Vahobov 30-noyabr kuni Oq uyda Prezident Donald Trampga ishonch yorlig'i topshirdi.

17-oktabr kuni bu hujjatning nusxasi Davlat departamentiga uzatilgan edi. Trump ma'muriyati O'zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida. Prezident Tramp elchiga bu borada aytgan.

Tramp nazarida O'zbekiston Markaziy Osiyo xavfsizligi va birdamligi hamda Afg'onistonni barqarorlashtirishda muhim rol o'ynaydi.

Vahobov 2013-yildan beri Tashqi ishlar vaziri muovini lavozimida ishlab kelgan. Toshkent shahrida ulg'aygan rasmiy Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan bakalavrlik va magistrlik diplomlariga ega.

Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Vahobov bu organdagi faoliyatini 2001-yilda referent sifatida boshlagan.

2006-2011 yillarda u prezident devonida maslahatchi bo'lib ishlagan. 2011-2013 yillarda esa Milliy Xavfsizlik Kengashida kotib o'rinbosari bo'lgan.

Keyingi bir yil mobaynida Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutiga rahbarlik qilgan. Bu institut O'zbekiston hukumatini, xususan prezident devonini siyosiy tahlil bilan ta'minlaydigan asosiy maskan hisoblanadi.

Vahobovni yaxshi bilganlar uning xorijiy diplomatik tajribaga ega emasligini tan olsa-da, rasmiyni kuchli tahlilchi, o'tkir strateg deya maqtaydi.

Tashqi ishlar vaziri muovini etib u 2013-yilning oxirida tayinlangan. 2015-yilda vazirning birinchi o'rinbosari lavozimiga ko'tarilgan. Bu vazifada u vazirlikdagi asosiy analitik, shuningdek, axborot va kommunikatsion texnologiyalar bo'yicha ham bosh rasmiy hisoblanar edi.

Vahobov oilali, uch farzandi bor. Elchi o'zbek va rus tillaridan tashqari ingliz va ispan tillarida ham gaplashadi.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi

​AQShda O'zbekiston 15-20 nafar orasida diplomatga ega. Vashingtondagi elchixona Kanada, Meksika va Braziliya singari g'arbiy yarim shardagi yirik davlatlar bilan ham diplomatik aloqalarga mas'ul. Konsullik idoralari Vashington va Nyu-Yorkda.

BMTdagi elchi ham yaqinda yangilandi: AQSh va Janubiy Koreyada yuqori lavozimlarda diplomatlik qilib kelgan Baxtiyor Ibragimov.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi 1993-yilda ochilgan.