Venesueladagi namoyishlar xalqaro matbuotda deyarli yoritilmayapti, ayniqsa Ukraina mojarosi bilan qiyoslaganda. Janubiy Amerikadagi bu o’lka neft ishlab chiqarish va eksport bobida yetakchilardan ekan, u yerdagi iqtisodiy va siyosiy g’alva butun dunyoga ta’sir qilishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Venesuelada hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bir necha haftadan beri davom etmoqda. Olomon va politsiya o’rtasida qonli to’qnashuvlar yuz berdi.
Vaziyat Ukrainadagi inqirozni eslatadi. U yerda ommaviy aksiyalar natijasida prezident Viktor Yanukovich mamlakatdan qochishga majbur bo’ldi va Rossiya Qrimni bosib oldi.
Ammo sobiq sovet respublikasidan farqli o’laroq, Venesueladagi voqealarga xalqaro matbuot uncha e’tibor qaratmayapti. Bunga qisman Venesuela hukumatining o’zi sababchi - jurnalistlarga viza berilmayapti, berilganlari ham bekor qilingan. “Freedom House” (Ozodlik uyi) huquq tashkilotidan Sintiya Romero:
“Mahalliy hamda xorijiy jurnalistlarni qo’rqitish holatlari qayd etildi, ularga nisbatan hujumlar uyushtirildi. Shuning uchun Venesuelada nimalar bo’layotganini aniq bilish, yoritish qiyin”, - deydi u.
Ukrainani oladigan bo’lsak, Qo’shma Shtatlar va Yevropa mojaroni hal etish uchun Rossiya va Kiyev bilan yuqori darajali diplomatik muzokaralar olib bormoqda. Romero deydiki, Vashington Venesueladagi jarayonlar bilan qiziqayotgani sezilmaydi va, o’z navbatida, matbuotda ham bu haqda ma’lumot oz.
“AQSh va Yevropaning ko’zga ko’ringan rasmiylari, yuqori darajadagi diplomatlari Venesuela haqida jon kuydirib gapirganini ko’rmayapmiz. Ommaviy axborot vositalari tomonidan Venesuelaga e’tibor sustligi ham shundan”, - deydi “Ozodlik uyi” mutaxassisi.
Respublikachi senator Marko Rubio davlat kotibi Jon Kerriga quyidagi savol bilan murojaat qilgan: Nima sababdan AQSh Venesuelada hukumat muxolif guruhlarni ezayotgani haqida lom-mim demayapti?
“Oddiy haqiqatni tan olmayapmiz: Venesuela demokratik tuzum emas va o’zini bunday tutmayapti ham. U yerdagi qonli hodisalar, o’z xalqiga nisbatan qurol ishlatgani bois hukumat qonuniy maqomini boy berdi”, - deydi senator.
Vashington Venesuela muxolifatiga yordam berayotgani va namoyishlarni gijgijlayotgani haqidagi da’volarni qat’iyan rad etadi. Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, AQShning mojaroga aralashuvi noto’g’ri tushunilishi mumkin va shuning uchun vositachilikni mintaqaviy tashkilotlar o’z zimmasiga olishi kerak.
"Zo’ravonlikka chek qo’yish harakatlariga uchinchi bir taraf yetakchilik qilgani ma’qul. Venesuela xalqining asosli e’tirozlarini ko’rib chiqish maqsadida haqqoniy muloqot boshlanishini istardik”, - deydi Kerri.
Ammo bunday o’ta ehtiyotkorona, diplomatik bayonotlar matbuot e’tiboridan chetda qolib ketayapti.