Amerika ahli 2001-yil 11-sentabrdagi terror xurujlarida halok bo’lganlarni xotirlar ekan, urush faxriylari hurmat-e’tiborda.
Poytaxt Vashingtondagi bir imoratda urush veteranlari yashaydi. Bir guruhlar ko’ngillilar yakshanba hasharga kelib, uni ta’mirlashda ko’maklashdi.
“Bu kabi muassasalar boshpanasiz qolgan faxriylarni oyoqqa turg’izadi, ularga atalgan xizmatlar bilan bog’laydi”, - deydi mahalliy hokimiyatdan Eli Ross.
Markaz Vyetnam urushi faxriysi Leroy Smit kabi insonlarni nafaqat uy-joy, balki tibbiy xizmatlar bilan ham ta’minlaydi.
“Bu joy bo’lmaganida, bilmadim nima qilardim. Harbiylar orasida og’ir ahvolda qolganlar ko’p”, - deydi Smit.
10 yil davomida uysiz bo’lgan Terri Snid davlat moliyalaydigan bunday dasturlar uning hayotini saqlab qolganini aytadi.
“Oyoqqa turdim, oilam bilan birgaman, ko’chada boshimni baland ko’tarib yuraman. 10 yil uysiz bo’lganman, axir. Endi boshqalarga yordamim tegsin, shuning uchun hasharga keldim”, - deydi u.
Faxriylarga kasb-hunar o’rgatuvchi programmalar ham bor.
“Bu odamlar sidqidildan xizmat qilgan, vatan himoyasi yo’lida jonini, sog’lig’ini fido qilgan. Endi ular farovon hayot kechirishini ta’minlash bizning mas’uliyatimiz”, - deydi rasmiylardan biri Delano Xanter.
Urush maydonlaridan qaytgan harbiylar ba’zida yordam so’rashga botinolmaydi.
“Ko’mak olish muhim. Klinikada jismonan, ruhan, har tomonlama madad olasiz, ertangi kunga ishonch paydo bo’ladi. Urush faxriylariga maslahatim - bu dasturlardan foydalaning”, - deydi Leroy Smit.
Dardlashish uchun ham vaqt kerak.
“Xotira kunida barchamiz bir zum to’xtab, bir-birimizdan hol-ahvol so’rasak, jamiyat shuncha kuchliroq bo’ladi, - deydi yana bir suhbatdosh.
11-sentabr terror xurujlarining 16 yilligida amerikaliklar o’sha mudhish kunda o’lgan minglab odamlarni yodga oladi, harbiylarga ehtirom ko’rsatadi.