Qamoqdan chiqqan vyetnamlik huquq faoli AQShga keldi

  • Amerika Ovozi

Huquq faoli Su Ha Vu (o'rtada) ustidan o'tkazilgan sud majlisi, Xanoy, 21-avgust, 2011-yil.

Vyetnamning taniqli huquq faoli, qamoqdan erta ozod qilinib AQShga keldi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Vyetnam aloqalari, Behzod Muhammadiy

Your browser doesn’t support HTML5

Vyetnam AQShdan yadroviy texnologiya xarid qiladi/Shohruh Hamro


56 olti yoshli Su Ha Vu asli huquqshunos bo’lib, inson huquqlari himoyasi yo’lida olib borgan faoliyati uchun yetti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Jazo muddatining uch yili o’tgach, kutilmaganda, u ozodlikka chiqarildi.

Xanoydagi AQSh elchixonasi bergan ma’lumotga ko’ra, Vu va uning rafiqasi 7-aprel kuni Vashingtonga yetib kelgan.

Huquq faolining ozodlikka chiqishi shartlari va sabablari aniq bo’lmasa-da, “Human Rights Watch” tashkilotining Osiyo bo’limi rahbari o’rinbosari Fil Robertsonning aytishicha, Vuning oilasi anchadan beri uning ozod qilinishini so’rab hukumat bilan muzokara olib borayotgan edi.

Vu qamoqxonadagi og’ir sharoitlardan shikoyat qilib ochlik e’lon qilgan. Shuningdek, uning yurak xastaligidan qiynalgani ma’lum.

Vu 2011-yilning aprel oyida Jinoyat kodeksining 88-moddasiga asosan, davlatga qarshi tashviqot yuritganlik aybi bilan hibsga olingan edi.

Huquq faoli 2009-yil Xitoy bilan hamkorlikda ochilgan boksit konlari yuzasidan Vyetnam Bosh vaziri Nguyen Tan Dungni sudga bergan edi. Shundan so’ng xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushgan Vu hukumatdagi Kommunist partiyasini tarqatib, ko’ppartiyaviylik tizimini tashkil qilishga chaqirganlikda ayblandi. U, shuningdek, Vyetnam urushini fuqarolar urushi deb atagani aytiladi.

Vuning otasi zamonaviy Vyetnam davlati asosichisi Ho Shi Min hukumatida vazirlik qilgan. Inqilobchi shoir sifatida tanilgan vazir mamlakatning turli tabaqa va guruhlari orasida qo’llab-quvvatlovga ega bo’lgan.

Iqtisodchi va huquq faoli Nguyen Quangning aytishicha, Vuni ozod qilish shartlaridan biri sifatida uning AQShga chiqib ketishi talab qilingan. Hukumat shu tarzda xalqaro hamjamiyatning bosimidan, ayni paytda, huquq faolining mamlakatdagi faoliyatidan qutilmoqchi, deydi u.

Vu ozod qilinishidan bir necha kun avval yana bir huquq faoli, blogger Din Dang Din ham muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan edi. Hukumatga qarshi tashviqot yuritish aybi bilan 2012-yil 6 yillik qamoqqa hukm etilgan bu huquq faoli qamoqdan chiqqach, ko’p o’tmay oshqozon saratonidan vafot etdi.

“Human Rights Watch” vakili Fil Robertsonning aytishicha, sanoqli faollarning qamoqdan chiqarilishi Xanoyning hukumat tanqidchilariga nisbatan siyosatida ijobiy o’zgarish ro’y berayotganini anglatmaydi.

Huquq tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 2013-yilning o’zida vyetnamlik 61 huquq faoli qamoqqa tashlangan. Bir avval bu raqam 40 nafarni tashkil etgan.