Eron parlamenti hisobotiga ko’ra, mamlakatda koronavirusdan o’lganlar soni rasmiy raqamlardan ikki baravar ko’proq bo’lishi mumkin. Bunga hisob-kitobdagi muammolar va odamlar yetarlicha testdan o’tkazilmayotgani sabab qilib ko’rsatilmoqda.
Eron sog’liqni saqlash mutasaddilari parlament qoshidagi tadqiqot markazi chiqargan bu hisobotga izoh berganicha yo’q. Xalqaro ekspertlar hukumat berayotgan raqamlarga shubha bilan qaraydi.
17-aprel holatiga ko’ra, Eronda koronavirusni yuqtirganlar 80 000, undan o’lganlar 5000 ga yaqinlashmoqda. Rasmiy ma’lumot shu.
“Protokol va taxminiy statistika o’rtasida bir-biriga ko’proq mos tushsin desak, mamlakatda testlar miqdorini oshirish zarur. Shunda kasallikka tashxis qo’yish imkoniyatlari oshadi, virus tarqalishi kamayadi”, - deyiladi hisobotda.
Agar ushbu hujjat asos qilib olinsa, mamlakatda koronavirusdan o’lganlar 8500, kasallanganlar 760 000 bo’lishi mumkin.
Qiyos uchun - AQShda kasallanganlar 700 000 ga yaqinlashmoqda, o’lganlar esa 40 000 ga. Ekspertlar fikricha, bu mamlakatda ham asl raqamlar kattaroq.
“Iqtisodiyot abgor holatda”
Eron hukumati koronavirusga qarshi kurashni to’g’ri tashkil eta olmagani kam daromadli oilalar hayotini yanada og’irlashtirmoqda, deydi o’zini muxolifatchi deb biladigan Zardo’sht Ahmadi Rog’ib “Amerika Ovozi” Fors xizmati bilan suhbatda.
“Virus tarqalishidan oldin ham Eron iqtisodiyoti abgor holatda edi. Odamlarga uyda o’tirish buyurilgandan keyin battar bo’ldi. Ishchilar, kambag’allar karantin qoidalarini buzib uyidan chiqishga majbur, chunki oilasining boquvchisi ular”, - deydi Tehron yaqinidagi Shahriyor shahridan “Amerika Ovozi” bilan bog’langan Ahmadi Rog’ib.
Boshqaruvdagi noqisliklar va korrupsiya Eron iqtisodiyotini azaldan yemirib kelmoqda. Buning ustiga, AQSh joriy etgan bir tomonlama sanksiyalar bosimi bilan iqtisod 2018-yildan boshlab tanazzulga yuz tutdi.
Xalqaro valyuta jamg’armasiga ko’ra, 2019-yilda islomiy respublikada krizis yanada chuqurlashib, yalpi ichki mahsulot 7,6 foizga qisqargan. 2020-yilda esa yana 6 foizga qisqarishi kutilmoqda.
Eron koronavirus bilan kasallanganlar va o’limlar haqida ilk bor 19-fevral kuni xabar berdi. Buning ketidan, G’arb axborot vositalari hukumat virus tarqalayotgani va odamlar undan vafot etayotgani haqida bu sanadan ancha oldin bilgani xususida maqolalar chop etdi. Ma’lumot yashirilgandan keyin ham kasallik va o’lim ko’rsatkichlari kamaytirib ko’rsatilgani da’vo qilindi.
11-aprelda Eron hukumati so’zlovchisi Ali Robiya pandemiya sabab 7 million fuqaro ishsiz qolgani yoki vaqtincha ishlamayotganini tan olgan. Shuningdek, yaqinda o’tkazilgan so’rov natijalariga to’xtalib, respondentlarning 35 foizi ro’zg’or tebrata olmayotganini aytgan.
Mart oyida iqtisodiyot qisman yopildi, odamlar uyda qolishga da’vat etildi va shaharlararo qatnov to’xtatildi. Bu vaqtga kelib Eron mintaqada kasallik holatlari bo’yicha yetakchi o’ringa chiqib olgan edi.
Prezident Hasan Ruhoniy 18-aprelda poytaxt Tehronda ayrim bizneslar qayta ishga turishishini aytgan. Lekin odamlar masofa saqlash va boshqa qoidalarga rioya qilmasa, mamlakat virusning ikkinchi to’lqini bilan yuzlashadi, deya ogohlantirdi Sog’liqni saqlash vaziri Said Namaki.
“Hukumatning noto’g’ri qarorlari ishsizlik ko’payib, tanazzul davom etishiga olib keladi. Yangi qo’zg’olonlarga tayyor turishimiz kerak”, - deydi Zardo’sht Ahmadi Rog’ib.
So’nggi yillarda mamlakatda aholi hukumatga qarshi bir necha bor bosh ko’targan. 2019-yilning noyabrida benzin narxi oshishi ketidan ro’y bergan namoyishlar eng qonlisi edi. AQSh ma’lumotiga ko’ra, xavfsizlik kuchlari kamida 1500 odamni otib o’ldirgan. Tehron bu raqam bo’rttirilganini ta’kidlasa-da, unga tuzatish kiritmagan.