BMT Qochqinlar agentligining ogohlantirishicha, o’n minglab afg’on qochqinlarining Pokiston va Erondan vataniga qaytishi COVID-19 tarqalishiga olib kelishi mumkin. Afg’oniston sog’liqni saqlash tizimi bunga tayyor emas.
Pokiston va Eronda taxminan 2,4 million afg’onistonlik qochqin yashaydi. Vatanlarida sharoit va xavfsizlik og’ir bo’lsa-da, ular qaytishda davom etmoqda. O’tgan hafta va mart oyida minglab nafari Pokistondan, 60 mingi Erondan qaytdi.
BMT Qochqinlar agentligi vakili Babar Baluchning bildirishicha, kuniga o’rtacha 1500 qochqin Afg’onistonga kirib kelmoqda. Koronavirus - mamlakat sog’liqni saqlash tizimi uchun jiddiy tahdid.
Pokiston va Eronda ham, deydi Baluch, COVID-19 sabab iqtisodiyot va sog’liqni saqlash tizimlari og’ir ahvolda. Iqtisodiy inqiroz tufayli afg’on qochqinlari hatto asosiy ehtiyojlarini qondirish imkoniga ega emas.
“Har ikki mamlakatda qochqinlar odatda yollanma ishchi sifatida kun ko’radi. Mintaqada turli darajadagi karantin rejimlari joriy etilgan ekan, endi ular uchun ish ham yo’q. Afg’onlar daromadidan ayrilgan”, - deydi BMT vakili.
Afg’onistonda koronavirusni yuqtirganlar 900 ga yaqinlashmoqda, bu kasallikdan o’lganlar 30 atrofida. Pokistonda bu raqamlar – qariyb 7000 va 130. Janubi-g’arbiy Osiyoda Eron qariyb 80 000 kasallik holati va 1600 o’lim bilan yetakchi.
BMT Qochqinlar agentligi pandemiya sabab afg’on qochqinlarni ixtiyoriy ravishda Eron va Pokistondan vataniga qaytarish dasturini vaqtincha to’xtatgan.
Agentlik virus yanada kengroq miqyosda tarqalishining oldini olish maqsadida har uchala mamlakatga madad ko’rsatishga chaqirmoqda. BMTning mintaqadagi insonparvarlik dasturlari zo’rg’a ishlab turibdi. Ular davom etishi uchun 315 million dollar zarur, ammo donorlardan shuning 17 foizi tushgan xolos.
Afg’oniston, Pokiston va Eronni pandemiya bilan kurashda o’z holiga tashlab qo’yish bu boradagi global sa’y-harakatlarga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Facebook Forum