“Amerika Ovozi” efirga chiqa boshlaganiga shu kunlarda 70 yil bo’ldi. 1942- yilda havo to’lqinlarida ilk bor yangraganida, bu tashkilot jurnalistlari “xush xabarmi, shum xabarmi sizga haqiqatni aytamiz” deya va’da bergan.
“Amerika Ovozi” 43 tilda axborot uzatadi. Mustaqil informatsiya manbalariga ega bo’lmagan, matbuot va so’z erkinligi cheklangan jamiyatlarni dunyo yangiliklari va atrofdagi o’zgarishlardan boxabar qilish, mahalliy teleradio va nashrlar yoritmayotgan masalalarni ko’tarib chiqish – asosiy vazifamiz. AQSh Kongressi aynan shu missiya uchun har yili byudjetdan mablag’ ajratadi.
“Amerika Ovozi” AQSh Teleradio Kengashi degan agentlikning bir qismi. Pragada asoslangan “Ozodlik” radiosi, Kuba uchun mo’ljallangan “Marti” teleradiosi, arab tilidagi televizion kanal va radio hamda “Ozod Osiyo” radiolari ham shu kengash tomonidan boshqariladi.
“Amerika Ovozi” 70 yillik faoliyatini sarhisob qilar ekan, prezident Barak Obama jurnalistlarga shunday tabrik yo’lladi:
“Ikkinchi jahon urushi davridan bugungacha, “Amerika Ovozi” erkinlik ovozi sifatida xizmat qilib kelmoqda. … Siz Amerika xalqini dunyo ahli bilan bog’lab kelmoqdasiz. Siz Amerika qanday jamiyat ekani, xalqimiz qadriyatlari va bizga xos ne’matlarni jahonga tanishtirib kelasiz… Chet davlatlar o’z axborot vositalarini senzura qilar, cheklar ekan, siz bu jamiyatlarga xolis va haqqoniy ma’lumot olib kirasiz. Tuzumlar o’z fuqarolarini umumbashariy huquqlardan mahrum etar ekan, siz erkinlik va demokratiya yo’lida xizmat qilasiz. Ishingizda katta xavf bilan yuzlashasiz.
Temir parda ortida tiqilib qolgan oilalarmi, elektronik parda ortida axborotga chanqoq talabalarmi, maxfiy xizmat bosimi ostidagi muxolifatchilarmi, imkoniyat va hurmat talab qilib ko’chaga chiqqan yoshlarmi, siz ularga umid va ilhom bag’ishlaysiz, siz erkinlik ovozisiz. Siz ularga “yolg’iz emassiz, Amerika siz tomonda” deya eslatib turasiz.
Yaqinda, jahon ahli demokratiya mash’alini baland ko’targan insonlardan biri bilan vidolashdi. 20 yil oldin, prezident sifatida ilk bor Amerikaga kelganida, chex rahbari Vatslav Xavel darhol “Amerika Ovozi”ga borgan. Yurtdoshlarini erkinlik tomon yetaklab, butun dunyoni diktaturalarga qarshi kurashga chorlagan bu inson “Amerika Ovozi”, sizga, rahmat aytgan. Chunki, degan u, siz unga quvvat bergansiz, siz unga haqiqatni yetkazgansiz.
Davlatimiz sizning xizmatingiz bilan kuchliroq, dunyo sizning xizmatingiz bilan adolatliroq. Shunday ekan, Amerika xalqi va dunyodagi millionlab muxlislar, sizdan har kuni ruhiy madad oladigan insonlar nomidan sizga minnatdorchilik bildiraman. Biz siz bilan faxrlanamiz. Siz – Amerikaning mag’rur va ishonchli ovozisiz”.
Davlat kotibasi Xillari Klinton ham tashkilotimizni yubiley bilan qutlar ekan, jumladan shunday dedi: