AQSh: Qora tanlilar ovoz berish huquqini qo’lga kiritganiga 50 yil to’ldi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda ovoz berish uchun kurash, tarixga nazar

Bundan 50 yil ilgari AQSh Kongressi ovoz berish huquqiga doir qonun loyihasini ma’qullagan va Prezident Lindon Jonson unga qo’l qo’ygan.

Ushbu hujjat aholining bir qismini saylovdan chetlatish kabi diskriminatsion siyosatga chek qo’ygan, millionlab qora tanlilar ilk bor konstitutsiyada belgilangan huquqlaridan foydalana boshlagan.

1965-yilning avgustida Prezident Jonson imzolagan qonun Amerikada fuqaro huquqlarini olg’a surishda katta rol o’ynagan eng muhim hujjatlardan.

“Amerikaliklar irqi, rangi va kelib chiqishidan qat’iy nazar bir-biri bilan teng ko’rilishi shart. Demokratiya hamma uchun, bu jarayonda har bir fuqaro qatnashadi”, - degan edi prezident Jonson.

Qonun janubiy shtatlardagi shahar va qishloqlarda joriy etilgan qonun-qoidalarni o’zgartirib yubordi, qora tanlilarni saylovdan chetlatuvchi to’siqlarni olib tashladi.

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 15-tuzatish, ya’ni afro-amerikaliklar ham ovoz berishga haqli degan bandi amal qila boshlaydi.

“1965-yilgi qonun ko’plab odamlarga haqiqiy erkinlik berdi, go’yo ular qo’lidagi kishanlar yechildi”, - deya eslaydi hozirda Kongress a’zosi Jon Luis.

U Alabama shtatining Selma shahrida fuqaro huquqlari bayrog’i ostida o’tkazilgan namoyishlarda kaltaklangan va qamoqda o’tirib chiqqan. Tinch namoyishchilarni politsiya to’qmoqlar bilan qarshi olgani butun mamlakatni junbishga keltiradi va hukumat chora ko’rishga majbur bo’ladi.

“Ko’p qon to’kildi, lekin baribir maqsadga erishdik”, - deydi Jon Luis.

Siyosatshunos Andra Gillespining aytishicha, 1965-yilda hukumat ko’rsatmasi bilan afro-amerikalik saylovchilarni katta sonda ro’yxatga olish boshlangan.

“1970-yilga borib, qora tanlilar orasida ovoz berish sur’ati nihoyatda yuqori edi. Janubda minglab odamlar saylov uchastkalarida navbatda turgan”, - deydi u.

Harakat liderlariga ko’ra, tenglik uchun kurashda jonini bergan insonlarni unutmaslik va ularning ishini bugun ham davom ettirish zarur.

Jorjiya shtatidan Respublikachilar partiyasi a’zosi Leo Smit deydiki, Amerika oq va qoralarni bir-biridan ajratgan jamiyatdan, irqchilikdan qutulganida Jon Luisdek fidoyilarning xizmati katta.

Atlanta shahri sobiq meri Shirli Franklin yarim asr oldingi to’polonlar qora tanlilarga siyosat eshiklarini ochganini aytadi.

“Menga ishongan insonlar dalda berdi, qo’llab-quvvatlashdi. Merlikka nomzodingni qo’y, deb undashdi. Bugun men boshqalarga ham shunday maslahat beraman”, - deydi Franklin xonim.

Siyosiy tahlilchilar qayd etadiki, yarim asrlik hujjat demokratiyaning eng kuchli quroli – ovoz berish tizimini hamma uchun teng va adolatli qilib belgilagan.

Alabamada fuqaro huquqlari marshi, 1965-yil

Prezident Lindon Jonson imzolagan qonun

Kongressmen Jon Luis