Sibirning Ivan-Ozero qishlog’ida yashovchi bir odam Ikkinchi jahon urushida nobud bo’lgan ajdodlarini xotirlash hamda Ulug’ Vatan urushi xotiralarini muhrlash maqsadida uyida kichik muzey tashkillashtirgan.
Baykal ko’lidan 300 kilometr narida joylashgan ushbu uy-muzeyida urushdan qolgan qurollar, harbiy kiyimlar, mukofotlar ko’rgazmaga qo’yilgan.
Mixail Sapijev bu eksponatlarni yillar davomida to’plagan. Ba’zilarini qarindoshlari va hamqishloqlari hadya qilgan bo’lsa, boshqa narsalarni u sayohatga chiqqanda olib kelgan. Har bir eksponatning o’ziga yarasha tarixi bor.
Sapijev muzey orqali qishloq yoshlarini tarbiyalashni maqsad qilgan.
“Odamlar bu yerga kelib, tomosha qiladi, qiziqib savollar beradi, yangi narsalarni o’rganadi. Tarixni bilish, u bilan faxrlanish juda muhim”, - deydi u.
G’alabaning 75 yilligiga Sapijev uyining darvozasiga frontda va front ortida xizmat qilgan ajdodlarining suratlari va ma’lumotlari tushirilgan banner osib qo’ygan.
Yevropa va Rossiya Ikkinchi jahon urushidagi g’alabaning 75 yilligini nishonlash arafasida turibdi. G’alaba kuni qit’ada 8-mayga to’g’ri keladi.
1945-yil 7-mayida natsistlar Germaniyasi qurolli kuchlari generali Alfred Yodl Fransiyaning Reyms shahrida so’zsiz kapitulyatsiya haqidagi aktni imzolashi ketidan dunyo bo’ylab tantanalar, xursandchilik boshlanib ketadi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchil shu munosabat bilan xalqiga murojaat qiladi. Minglab londonliklar Bukingem saroyi, Trafalgar maydoni, shahar markazidagi Moll ko’chasini egallab, yuzida tabassum bilan milliy bayroqlarni hilpiratadi.
G’alaba oziq-ovqat tanqisligi, shahar bombardirovkalari, chiroq o’chishlariga chek qo’yilganini anglatardi.
G’alaba 27 million fuqarosini yo’qotgan Sovet Ittifoqi uchun ham mamlakatni qayta qurishga, hayotni yangidan boshlashga imkon berdi.