"Vashington Post" 250 million dollarga sotildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

"Vashington Post" 250 million dollarga sotildi, bosma matbuot kelajagi

1877-yilda asos solingan nashrni "Amazon" internet savdo tarmog'i asoschisi Jeff Bezos chorak milliard dollarga xarid qildi. Tahririyat o'zgarmaydi. Prinsiplar ham.
Internetdagi “Amazon” savdo tarmog’i asoschisi Jeff Bezos endi “Vashington Post” dek nufuzli gazeta egasi.

Your browser doesn’t support HTML5

"Vashington Post" sotildi/Navbahor Imamova


Amerika poytaxtidan turib global ahamiyatga ega yangiliklarni yoritadigan, siyosiy siru asrorlarni fosh etib dunyoga dong’i ketgan nashr 250 million dollarga sotildi.

Bu xabar jurnalistika olamida ko’plarni lol qoldirdi, ammo axborot vositalari va informatsiya bozori daqiqa sayin o’zgarib borar ekan, gazetalar kelajagi internetda ekani allaqachon ayon bo’lgan.

Jahonni larzaga soluvchi ma’lumotlarni oshkor etib tanilgan gazeta so’nggi yillarda deyarli foyda qilmadi.

Daromad bag’oyat pasayib, yuzlab xodimlar ishini yo’qotdi. Byurolar yopildi. Bir oila tomonidan boshqarilgan nashr o’zini asrab qolish uchun sotilishga majbur bo’ldi.

Donald Grem, “Vashington Post” rahbari va unga egalik qilgan oila vakili, deydiki, gazeta istiqboli boshqa xo’jayin qo’lida.

Gap shundaki, nashrlar o’quvchilarini yo’qotgan va reklamadan daromad qilish qiyin.

135 yil oldin vujudga kelgan 'Vashington Post" bosma holda har kuni qariyb 500 ming, shanba-yakshanba esa 900 mingga yaqin tirajda chiqadi.

“Oldin unga obuna bo’lardim. Hozir hech narsaga obuna bo’lmayman, chunki hammasi internetda muhayyo”,- deydi o'quvchilardan biri.

Internet pioneri sifatida nom qozongan Jeff Bezos dunyodagi 11-eng boy odam. Global tarmoqda yangi bizneslar boshlab boyigan shaxs.

Bezos gazetani qay yo’lga boshlaydi, buni vaqt ko’rsatadi. Lekin “Vashington Post” sotilmasa bo’lmasdi.

Axborot texnologiyaga bosh egishga majburmiz, deydi bu soha bo’yicha yetuk mutaxassis Pol Levinson, “Skype” orqali suhbatda.

“Gazetalar kelajagi internetda. Lekin bu - bosma matbuotning kuni bitdi degani emas. Aksincha, ular internetda yangi hayot boshlashi kerak. O’quvchi o’sha yerda. Informatsiyaga talab oshsa oshayaptiki, pasaymayapti. Faqat uni qog’ozdan emas, internetdan izlashayapti. Shunga moslashish kerak”,- deydi Levinson.

Bezos kelishuvda qator va’dalar bergan. Gremlar oilasi “Vashington Post”ning asl egasi deya tan olinadi. Gazeta maqsadi va prinsiplari o’zgarmaydi. Bosh muharrir va boshqa rahbarlar yangilanmaydi.

Kris Tolles, internetda millionlab muxlisga ega “Topix” xizmati boshqaruvchisi, deydiki, “Vashington Post”ni o’zgartirish ahmoqlik bo’ladi, uni internetga ko’chirish kerak, xolos.

“Nazarimda “Vashington Post” Amerika xalqi va hukumati ongiga jiddiy ta’sir ko’rsatishga qodir 3-4 gazetadan biri. Uni prezidentlardan tortib, oddiy oilalar ham o’qiydi”,- deydi Tolles.

Richard Niksonni prezidentlikdan ketkazgan mashmashalar, Vyetnam urushi bilam bog’liq sirlar, davlatning maxfiy kuzatuv dasturlarini fosh etib, xalq ishonchiga sazovor bo’lgan gazeta shu tariqa yangi davrga qadam qo’ymoqda.