Davosda bu safar nima muhokama qilinadi?

  • Amerika Ovozi

Bu yilgi Davos anjumanining mavzusi - "Parchalangan dunyoda umumiy kelajakni yaratish"

Davosda o'tadigan bu yilgi Jahon iqtisodiy forumida 70 davlat rahbari ishtirok etadi. Ular orasida AQSh Prezidenti Donald Tramp ham bor. 23 - 26-yanvar kunlari bo'lib o'tadigan xalqaro anjumanga 110 mamlakatdan jami 3000 dan ortiq odam keladi.

Prezident Donald Tramp to'rt kun davomida dunyoning yuzlab nufuzli siyosatdonlari, biznes yetakchilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ko'rishadi.

Bu yilgi Davos anjumanining mavzusi - "Parchalangan dunyoda umumiy kelajakni yaratish". Maqsad dunyoda bo'lilinishga sabab bo'layotgan ixtilof va muammolarga yechim topish yuzasidan o'zaro fikr almashish.

Jahon iqtisodiy forumi asoschisi Klaus Shvabning aytishicha, davlatlar jahon moliyaviy va iqtisodiy inqirozidan sekin-asta chiqib kelmoqda. Ammo endi dunyo ijtimoiy inqiroz bilan yuzlashmoqda, deya ogohlantiradi u.

"Davosda muhokama qilinadigan ikkinchi eng katta masala savdo, atrof-muhit, terrorizmga qarshi kurash, soliq tizimi va raqobatning kelajagi haqida bo'ladi. Shu jihatdan Prezident Trampning biz bilan bo'lishi juda muhim", - deydi u.

Shvabga ko'ra, Davos ko'p qutbli dunyoning ko'zgusidir. U rivojlanayotgan va o'sib kelayotgan davlatlarning yangi qudratini ham o'zida aks ettiradi. Bu yilgi qatnashchilarning uchdan bir qismi ana shunday davlatlardan, deydi u.

Davos anjumanini ochish nutqi Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga berilgani ham shundan dalolat qiladi. Dunyoning eng katta demokratiyasi bo'lgan Hindiston ayni paytda Katta 20 lik davlatlari orasida iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatidir.

Dunyoning eng qudratli davlati bo'lgan AQSh Prezidenti Donald Tramp ham 4 kunlik anjuman yakunida muhim nutq bilan chiqish qiladi.