Xalqaro vositachilar: Isroil g’arbiy sohildagi qurilishni to’xtatishi kerak

Nyu-Yorkda BMT yig’ilishida qatnashayotgan yirik davlatlar Isroilni G’arbiy sohilda qurilishga qo’yilgan taqiqni uzaytirishga da’vat etmoqda.

Yaqin Sharq bo’yicha xalqaro vositachilar to’rtligi – AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT nazarida, o’tgan yili joriy etilgan moratoriy tinchlik muzokaralarini olg’a siljitish uchun muhim.

Hozirda Iordan daryosining g’arbiy sohilida Isroilning qurilish loyihalari muzlatilganicha yotibdi. O’n oylik taqiq muhlati kelayotgan 25-sentyabr kuni tugashi kerak.

Falastin rahbari Mahmud Abbos katta umidlar bilan qayta boshlangan muzokaralar taqdiqi kelasi 10 kunda hal bo’ladi, degan fikrda. Chunki qurilish qayta boshlangudek bo’lsa, falastinliklar muzokarani tark etishga ahd qilgan.

Natijada norozilik kuchayib, mintaqada zo’ravonlik yana jonlanishi ehtimoldan xoli emas. Isroil armiyasi yirik namoyishlarga taraddud ko’rmoqda.

Yaqin Sharq to’rtligidagi davlatlarning bosh diplomatlari Nyu-Yorkda uchrashib, tomonlarni bir-biriga quloq tutishga undadi. Isroildan qurilishga qo’yilgan moratoriyni uzaytirish so’ralmoqda.

“Yevropa Ittifoqining barcha a’zolari bir ovozdan Isroilga murojaat qilgan”, - deydi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernard Kushner. “Qurilish to’xtatilishi kerak. Bundan boshqa yo’l yo’q”.

Masala bo’yicha Misr va Quddusda, shuningdek Arab Ligasi ishkirokida o’tgan uchrashuvlar tafsiloti ma’lum qilinmayapti. Rasmiylar “progress bo’lyapti” deyish bilan cheklanadi xolos.

AQSh Davlat departamenti vakili Filip Krovlining aytishicha, jarayon qanchalik murakkab bo’lmasin, Isroil va Falastin muzokara konstruktiv tarzda davom etishini ta’minlashi kerak.

“Ular chekinmaymiz deb va’da bergan. Vositachilarning ishi esa ularga eslatib turish, ya’ni kelishuvga erishilmas ekan, Falastin o’z davlatiga ega bo’lish imkoniyatini boy beradi, Isroil esa tinch yashay olmaydi”.

Kvartet tomonlarni provokatsiya va hissiyotli bayonotlardan tiyilishga undab, xalqaro jamoatchilik bir tomonlama qarorlarni tan olmaydi, deb eslatmoqda.