Yaponiyaning Xirosima shahrida “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlari uch kun majlis qilib, Ukraina va Tayvan masalalarni muhokama qildi. Guruh Xitoy harbiy va iqtisodiy qudratidan tahdid solishda foydalanayotganini qoralab chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Prezidenti Jo Bayden Xitoyni Tayvanni bosib olmaslik haqida ogohlantirish bilan birga “Katta Yettilik” Pekin bilan mojaro bo’lishini istamasligini aytdi.
“Aksariyat ittifoqchilarimiz orasida bir masalada yakdillik bor – agar Xitoy bor tomonlama harakat qilsa, javob ko’ramiz”, - dedi Bayden.
Sammitda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qatnashdi.
"Zelenskiyni Yaponiyaga taklif qilish bilan “Katta Yettilik”ning Ukraina bilan birdamligi mustahkam ekanini namoyish qildik”, - dedi Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida.
Ukraina prezidenti sammitga mehmon sifatida taklif qilingan boshqa davlatlar rahbarlari, jumladan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ham ko’rishdi.
“Katta Yettilik” Ukrainaga AQShning F-16 qiruvchi samolyotlarini berishga, ukrainalik uchuvchilarni tayyorgarlikdan o’tkazishga qaror qildi.
“Bundan juda ham xursandman. Hamkorlarizdan minnatdorman. Bu jamiyatimiz, xalqimizga uylarini, oilalar hayotini saqlashda yordam beradi”, - dedi Zelenskiy.
Ukrainaga nechta samolyot va qachon uzatilishi hozircha ma’lum emas. Tayyorgarlik vaqt oladi, deydi Fransiya Tashqi ishlar vazirasi KAtrin Kolonna.
“Bunga oylab vaqt ketishi mumkin. Hamma narsani bosqichma-bosqich qilish kerak. Ukraina bugun o’q-dori, zirhli texnika, tanklar va texnik xizmatga muhtoj”, - dedi u.
Yevropaning ayrim davlatlari o’zlaridagi eskirgan F-16 samolyotlarini Ukrainaga berib, AQShdan F-35 rusumidagi zamonaviy, 5-avlod samolyotlarini sotib olmoqchi.
Daniya iyul oyida tinchlik sammitini o’tkazmoqchi. Bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Lokke Rasmussenning aytishicha, tadbirda Ukraina ittifoqchilaridan tashqari Xitoy, Hindiston, Braziliya kabi mamlakatlar ham qatnashishi kerak.
Vazir Rossiya sammitga taklif etilmasligini aytdi.
Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Dnepr shahrida joylashgan aerodromgahavodan berilgan zarba natijasida harbiy obyektlar, qurol-yarog’ saqlangan angarlar, aviatsiya texnikasi va raketalar tayyorgarligi uchun texnik pozitsiyalar nishonga olinganini bildirdi.
Dnepropetrovsk viloyati hokimi Sergey Lisak esa tungi hujumda bir necha imorat vayron bo’lganini, kamida 8 odam yaralanganini aytdi.
Ukrain rasmiylari Dneprga hujumda 16 ta raketa va 20 ta dron qo’llanganini ma’lum qildi.
Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatining gubernatori Vyacheslav Gladkovning aytishicha, ukrainalik qo’poruvchilar bugun viloyatning Grayvoron shahriga snaryadlar bilan hujum qilgan.
Rossiyaning yollanma jangchilardan iborat “Vagner guruhi” rahbari Yevgeniy Prigojin ushbu voqeani izohlarkan, maxsus harbiy amaliyot urushga aylanganini aytib, Mudofaa vazirligini Ukraina tomonidan ba’zan hujumga uchrayotgan Kursk, Bryansk va Belgorod oblastlari xavfsizligini kuchaytirish uchun hech narsa qilmayotganlikda aybladi.