Oq uy qoshidagi Milliy xavfsizlik kengashi 1947-yildan beri har bir prezident uchun mamlakat tinchligi va tashqi siyosati yuzasidan maslahat berib keladi. Idora Oq uyni tegishli vazirliklar va agentliklar bilan bog'lab turuvchi organdir.
Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi kuchli lavozim bo'lib, prezident o'rniga majlislarni boshqarish va zarur bo'lganda, hatto bosh qo'mondon uchun xolis taraf rolini bajaradi.
Prezident Donald Tramp bu vazifaga iste'fodagi general Maykl Flinnni tanlagan edi. Lekin u yaqinda ishdan ketdi. Sababi - Flinn Rossiya diplomatlari bilan muloqotlari haqida to'g'ri ma'lumot bermagan, Oq uydagi rasmiylar va ma'muriyat a'zolarini aldagan. Buning ustiga u Rossiya elchisi bilan bu davlatga qo'yilgan sanksiyalarni olib tashlash haqida gaplashgan. Qonunga ko'ra, bunday diplomatik oldi-beri faqat diplomatik vakolatga ega odamlarning ishi.
Prezident Tramp uning o'rniga general-leytenant Herbert Reymond Makmasterni tanladi. Makmaster armiyadan chiqqan arbob. Harbiy salohiyat, urushlar ijrosi va tarixi bo'yicha mutaxassis hamda Tramp singari AQShning jangovar qudratini oshirish kerak, deb keladi.
Flinn Trampni saylov kampaniyasida yaqindan quvvatlagan, tashqi siyosat bobida uning bosh maslakdoshi sifatida xizmat qilgan. Flinn cho'rtkesar, o'zboshimcha va ayyor deya ta'riflansa-da, Tramp unga ishonchi baland ekanini aytib kelayotgan edi. Siyosiy doiralarda Flinnga nisbatan munosabat keskin: yo uni juda hurmat qilishadi yo tubdan qoralashadi.
AQShning maxsus amaliyotlar bo'yicha eng tanilgan harbiy arboblaridan biri, iste'fodagi admiral Robert Harvard ham bu lavozimga taklif qilingan, lekin rad etgan.
Milliy xavfsizlik kengashi tarkibini har bir prezidentning o'zi hal qiladi. Ayrim rahbarlar kengashga ko'proq odam yollab, unga yaqindan tayansa, boshqa prezidentlar uning kichik va effektiv organ bo'lishini istaydi.
Barak Obama davrida bu kengash ancha jipslashgan edi. Obama ham boshida bu idoraga keksa harbiylarni olib kelgan. Lekin keyinchalik ularni usta siyosatdonlarga almashtirgan edi.
Tramp bu kengashga hozir o'zining shaxsiy maslahatchilarini ham olib kirgan. Masalan, uning bosh strategi Stiv Bennon o'zining doimiy o'rniga ega. Vaholanki, Pentagon va Milliy razvedka idorasining eng yuqori lavozimdagi rasmiylari faqat taklif qilinsagina kengash maslislarida qatnashishi mumkin.
AQSh tarixida bunday holatlar oldin ham kuzatilgan. Ronald Reygan prezidentligi davrida uning ikki maslahatchisi Eron va qurollar haqida yolg'on ma'lumotlar tarqatgani uchun ishdan olinib, javobgarlikka tutilgan.