AQSh Oliy Sudi prezident Barak Obama sog’liqni saqlash tizimida boshlagan islohotlar qanchalik qonuniy ekanini ko'rib chiqmoqda. Oq Uy uning tashabbuslari tasdiqlanadi degan umidda. Qonun 2010-yilda Kongressda ma'qullangan.
27-mart kuni hukumatning bosh advokati Donald Verilli Oliy Sud oldida bu qonunni himoya qilib chiqdi.
Huquqshunos tahlilchilar va jurnalistlar nazarida esa Verilli qonun ahamiyatini uncha yaxshi tushuntirib bera olmadi. Oq Uy ta'biricha esa Donald Verilli o’z ishini yaxshi biladi.
Uning aytishicha, qonun sud tomonidan bekor qilingan taqdirda qanday yo’l tutish bo’yicha Oq Uyda hozir aniq reja yo’q. Lekin Obama respublikachilar va boshqa tanqidchilar bilan sog’liqni saqlash bobida munozara va murosaga tayyor.
Oliy Sud o'z qarorini iyun oyida ma’lum qilishi kutilmoqda. Sog’liqni saqlash tizimidagi islohot borasida bahslar kuchayib borar ekan, yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rovlarda Obama ma’muriyati uchun umidbaxsh yangiliklar bor.
Kvinnipak universiteti (Quinnipiac University) olib borgan izlanishlarda Florida, Ogayo va Pensilvaniya shtatlari aholisi Obamani prezidentlikka qayta saylanish uchun munosib rahbar deb topgan.
“CNN” o’tkazgan so’rovda esa saylovchilarning 54 foizi Obama tarafdori ekani aniqlandi. Bu ko’rsatkich fevral oyidagi natijadan 5 foiz yuqoridir.
“Mamlakatda hozir iqtisodiyot yaxshilanyapti, iqtisodiyot tiklanyapti, degan fikr bor. AQSh hanuz turg’unlik davrida deb hisoblovchilar soni yanada kamaygan. Demak, iqtisodga umid oshgan. Katta bo’lmasa ham, buning ta’siri bilinyapti”, - deydi Braun.
Obamaning respublikachi da’vogarlarga qarshi saylov kampaniyasida vitse-prezident Jo Bayden ham faol ishtirok etmoqda. Amerikaliklar hayotlari yanada yaxshiroq bo’lishini istasa, Obamani qayta saylashi kerak, deydi Bayden.
Oq Uy kalitini Rik Santorum yoki Mitt Romniga topshirish mavjud iqtisodiy o’sishni to’xtatish demakdir, deydi vitse-prezident, respublikachi da'vogarlarga ishora qilib.
Respublikachilar yetakchisi Reyns Pribus vitse-prezident fikriga qo’shilmaydi. Unga ko’ra, “uch yillik muvaffaqiyatsiz urunishlar”ni ko’rgandan keyin Obamaga ishonish qiyin.