AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, yosh muhojirlarni deportatsiyadan himoya qiluvchi dastur ahamiyatini yo'qotgan, biroq muxolif demokratlar siyosiy manfaatlarini olg'a surish uchun bu mavzudan voz kechmayapti.
DAKA deb nomlangan dastur bolaligida ota-onasi tomonidan AQShga noqonuniy olib kelingan salkam 800 ming muhojirni deportatsiyadan vaqtincha himoya bilan ta'minlaydi.
Tramp sobiq Prezident Barak Obama tomonidan qabul qilingan bu programmani yopish haqida o'tgan yil 5-sentabr kuni farmon chiqargan, biroq Kongress maxsus qonun qabul qilib, ularni mamlakatda qoldirishi mumkin. Farmon 5-mart kuni kuchga kiradi, ammo Kaliforniya shtatidagi federal sudya dasturni yopishga vaqtincha to'siq qo'ydi.
Uch respublikachi va uch demokrat senator tashabbusi bilan DAKAni uzaytirish haqidagi taklif Tramp tomonidan rad etildi. Qonunchilar immigratsiya siyosatiga o'zgartirish kiritishga, jumladan AQShning Meksika bilan janubiy chegarasi xavfsizligini oshirish uchun mablag'ni ko'paytirishga ham chaqirmoqda, Tramp esa chegarada devor qurdirmoqchi.
Oq uy va Kongress byudjet bobida tortishar ekan, tomonlar 19-yanvar yarim tunigacha kelisholmasa, federal hukumatni moliyalashga pul ajratilmay qolishi, davlat idoralari vaqtincha yopilishi mumkin.
Tramp Gaiti, Salvador, Afrikaning qashshoq mamlakatlaridan kelgan muhojirlarni boqish o'rniga, mudofaa uchun xarajatlarni oshiraylik, demoqda.
"Bizga kuchliroq, buyukroq bo'lishga yordam beradigan tayyor mutaxassislar kerak xorijdan. Lotereya ortiq o'ynalmaydi", - dedi u.
Gap Amerikada yashash huquqini beruvchi grin-karta lotereyasi haqida ketmoqda. Trampning aytishicha, o'tmishda bu dastur orqali mamlakatga ehtimoliy terrorchilar va past malakali kadrlar kelgan.