Myanmada harbiy to’ntarish. Braziliyada saylov tizimiga hujum. Gaitida davlat rahbariga suiqasd xuruji. Afrika qit’asida bir nechta davlat to’ntarishlari. 2021-yilda qator mamlakatlarda demokratiya tajovuzga uchradi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu munosabat bilan AQSh Prezidenti Jo Bayden 9-10-dekabr kunlari dunyo rahbarlari, fuqarolik jamiyati vakillari, xususiy sektor uchun “Demokratiya sammiti”ni tashkillashtirmoqda. Tadbir virtual shaklda o’tkaziladi.
“Bu rahbarlarga demokratik hukumatlar yuz tutayotgan muammolar va tahdidlarni muhokama qilish uchun bir imkoniyat”, - dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
110 mamlakat vakillari qatnashishga rozi bo’lgan sammit Baydenning dunyo bo’ylab demokratiyani kuchaytirishga qaratilgan kampaniyasining bir qismidir.
“Ijtimoiy fikrni ushbu muhim demokratiya masalalariga safarbar qilish, xabardorligini oshirish va e'tiborini kuchaytirish ma'muriyat tomonidan qabul qilingan juda foydali qadam bo'ldi”, - deydi AQShning Demokratiya uchun milliy jamg’armasidan Kristofer Uoker.
Si Zinpin va Vladimir Putin sammitga taklif etilmagan.
Sammit dunyoni Rossiya yoki Xitoyga qarshi qayratishni maqsad qilmasa-da, Bayden uchun bu mamlakatlarning tobora kuchayayotgan avtoritar ta’sirini tushirishga qaratilgan siyosatiga xayrixohlikka erishish uchun bir imkoniyat.
“Demokratik mamlakatlarni bir davraga to’plash AQSh va uning ittifoqchilari hamda Rossiya va Xitoy o’rtasida chegarani chizishga hamda ishtirokchi davlatlarni ikkisidan birini tanlashga da’vat etishga qaratilgan strategiyadir. Biroq Janubiy Koreya, Germaniya kabi mamlakatlarning iqtisodiy farovonligi Xitoy bilan aloqalarga bog’liq”, - deydi AQShdagi Vellesli kollejidan Steysi Goddard.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri muovini Le Yuchenga ko’ra, sammit xalqaro birdamlikka zarardir.
"Anjuman mamlakatlarni iyerarxiyaning turli darajalariga bo’ladi. Ularni demokratik va nodemokratik deb tamg’alaydi, davlatlarning demokratik tizimlarida ayb topadi”, - deydi rasmiy.
Sammit davomida davlat rahbarlaridan demokratiyani kuchaytirishga qaratilgan turli dasturlarga qo’shilish so’raladi, biroq bu biror harakatga yetaklaydimi, yo’qmi, ma’lum emas. Shunga qaramay, Amerikaning demokratik qadriyatlari haqida bong urish muhimdir, deydi kuzatuvchilar.
“Bu Tramp ma’muriyatining siyosatidan ancha keskin o’zgarishdan dalolat va bu juda muhim. Bayden ma’muriyati e’lon qilgan “harakat yili” mana shu g’oyaning qanchalik ish berishini namoyish etadi”, - deydi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasidan Stiven Feldstayn.