Yangi tadqiqot xulosalariga ko'ra, AQShda oq tanli millatchilar va natsizm xayrixohlari o'z g'oya va maqsadlarini internetda jiddiy to'siqlarsiz targ'ib etib kelmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlarda hatto "Islomiy davlat" jangarilaridan ham ko'proq tashviqot olib boradi.
Jorj Vashington universitetining Vashingtonda ekstremizm nomli dasturi tayyorlagan hisobotning ko'rsatishicha, 2012-yildan beri "Twitter" ijtimoiy tarmog'idagi Amerika oq millatchilik harakatlariga ergashuvchilar soni 22 mingtaga oshgan. Bu 600 foiz o'sish, demakdir. Tvitlar va ergashuvchilar soni kabi parametrlarning barchasida ular "Islomiy davlat" guruhini ortda qoldirgan.
Tadqiqot markazi xulosasiga ko'ra, "Twitter"da eng ko'p tilga olingan mavzu "oqlar genotsidi" bo'lib, bu atama tarafdorlariga ko'ra, jamiyat etnik tarkibining rang-baranglashishi oqibatida oq tanlilarning yashab qolishi xavf ostida qolgan. Millatchi faollar oq tanlilar ahvoli borgan sari yomonlashib borayotgani haqida har kuni maxsus xeshteglar yordamida yuzlab tvitlar tarqatgan.
Oq millatchilarning tarafdorlari, asosan, respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Trampga ergashayotgan amerikaliklardan iborat. Aprel oyida millatchilar eng ko'p tarqatgan 10 ta xeshtegning uchtasi Tramp saylov kampaniyasiga aloqador bo'lgan.
Tramp o’z kampaniyasida immigratsiya qonunlarini kuchaytirish, millionlab hujjatsiz muhojirlarni deportatsiya qilish hamda Meksika bilan chegarada devor qurishga e’tibor qaratmoqda. Ku-kluks-klan guruhining atoqli namoyandasi bo’lgan Deyvid Dyuk Trampni qo’llab-quvvatlashini e’lon qilganda, milliarder nomzod o'zini undan olib qochdi, ammo Dyuk kabi millatchilar Trampni olqishlashda davom etmoqda.
“Oq millatchilar Tramp nomini eng ko’p tilga olgan. #whitegenocide (oqlar genotsidi) xeshtegidan so’ng eng ko’p qo’llangan so’z bu Trampga aloqador atamalar bo’lgan”, deyiladi hisobotda.
Natsistlar va millatchilar sahifalariga ergashganlar “Islomiy davlat”ga aloqador ko’rilgan sahifa izdoshlaridan ko’p va ularning tvitlari ham jangarilarnikidan ziyod ekani aniqlangan.
Shuningdek, millatchi guruhlarning internetdagi faoliyati kuchaygan. 2015-yil Janubiy Karolina shtatidagi cherkovda 9 qora tanli odamni o’ldirgan Dilan Ruf hamda Norvegiyada 2011-yil 77 odamni otib tashlagan Anders Breyvik ham internetda faol bo’lgan oq millatchilardan bo’lgani aytiladi.