Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti dunyo ahlini 2022-yilning iyul oyigacha kamida 70 foiz emlanib olishga undamoqda. Aks holda sayyora koronavirus pandemiyasidan chiqmaydi.
Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus deydiki, boy davlatlar bu jarayonda yetakchilik qilishi kerak, testlarning sifati oshishi lozim. Biror davlat ortda qolib ketmasligi zarur, deydi Tedros. Pandemiyani yengish hukumatlardan bir yoqadan bosh chiqarishni talab qiladi.
Tedros nazarida 2021-yilda insoniyat virusga qarshi ancha yutuqlarga erishdi, biroq tibbiy vositalar, test va vaksina borasida ko'plab mamlakatlar oqsamoqda. Emlanish ko'lami tor.
"Delta" va "omikron" o'tgan bir haftada global miqyosda 9,5 million kishiga yuqqan. Pandemiya boshlanganidan beri kuzatilgan eng yuqori ko'rsatkich.
Buni ham ko'ring AQShda bir kunda salkam bir million odamda koronavirus aniqlandiTedros tahlilicha, koronavirusning yangicha turlari chiqishda davom etaveradi. Bu jarayonni kollektiv choralar to'xtata yoki sekintira oladi xolos, deydi u.
Qator davlatlarda hammaga niqob taqish majburiyati yuklanmoqda. Avstriya shular jumlasidan.
Emlanmaganlar do'konlar va jamoat joylariga qo'yilmaydi. Bu taqiq xususiy sektorga ham tegishli, bo'ysunmaganlar jazolanadi, ya'ni yopiladi, deya ogohlantirdi Avstriya kansleri Karl Nehammer.
Avstriya so'nggi oylarda koronavirusga qarshi eng keskin tadbirlarni ishga solgan mamlakat. Yuqtirish hollari kamayib, choralarning ayrimlari bekor qilingan edi, lekin so'nggi kunlarda infeksiya darajasi yana ko'tarilgan.