AQShda prezidentlikka asosiy da’vogarlar Jo Bayden va Donald Tramp ilk debatdan so’ng yana saylov kampaniyasiga sho’ng’idi.
Your browser doesn’t support HTML5
Baydenning debatda qiynalib munozara qilganidan xavotirga tushgan ayrim yetakchi demokratlar partiyadan nomzodni yangilash ustida o’ylanib qoldi.
Biroq saylovchilar bilan uchrashuv paytida Bayden ularni ikkinchi muddatga tayyor ekaniga ishontirishga harakat qildi.
"Bayden sifatida so’z beraman. Agar ishni uddalay olishimga butun vujudim va qalbim bilan ko’zim yetmaganida edi, saylovda yana qatnashmagan bo’lardim”, - dedi Bayden.
Kuzatuvchilar Trampni mag’lub etishga qodir boshqa nomzodni topish oson emasligini aytadi.
"Agar Trampga qarshi yoshroq, dadilroq boshqa bir nomzod bo’lganida odamlar uni qo’llab-quvvatlardi deb o’ylayman”, - deydi Virjiniya universiteti professori Larri Sabato.
Tramp ilk debat saylovda kurash kuch va zaiflik o’rtasida kechayotganini ko’rsatganini aytadi.
"Har bir saylovchi “Bayden 90 daqiqalik debatdan eson-omon chiqa oladimi” deb emas, “Amerika buzuq Jo Baydenning yana to’rt yil Oq uyda o‘tirishiga chiday oladimi” deb so’rashi kerak”, - deydi Tramp.
Sobiq prezident Baydenning poygadan chiqishiga ishonmaydi.
"Ko’p odamlar debatdan so’ng Jo Bayden poygadan chiqishini aytishyapti. Ammo men bunga ishonmayman, chunki ommaviy so’rovlarda Baydenning reytingi boshqa demokratlarnikidan yuqori”, - deydi Tramp.
Bayden poygadan chiqgudek bo’lsa, uning o’rnini kim egallashi mumkin?
Mutaxassislar bir nechta siyosatchining ismini keltirmoqda – vitse-prezident Kamala Harris, Michigan gubernatori Gretchen Vitmer, Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom, Kentuki gubernatori Endi Beshir va Illinoys gubernatori Jey Robert Pritsker.
Nomlari keltirilgan siyosatchilarning birortasi Bayden poygadan chiqsin degani yo’q.
“Buning uchun ular Oq uyga borib, Baydenni saylovdagi ishtirokidan voz kechishga ko’ndirishi kerak bo’ladi. Biroq bu oson ish emas. Ustiga-ustak, ular rafiqasi Jill Baydenni ham ko’ndirishi kerak bo’ladi. Bu undan-da qiyinroq bo’lishi mumkin”, - deydi Sabato.
Debatdan keyingi namoyishlarda Jill Bayden ham qatnashib, Amerika uchun uning turmush o’rtog’i afzalroq ekanini aytmoqda.
So’nggi ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, demokrat saylovchilarning aksariyati Baydenning poygada qolishi tarafdori.
Har ikki partiya qurultoyida rasman yagona nomzod e’lon qilinadi.
Demokratlarning qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo’lib o’tadi. Respublikachi delegatlar esa ikki haftadan so’ng Viskonsin shtatining Miluoki shahrida to’planadi.
AQSh Oliy sudidan sobiq prezidentlar uchun daxlsizlik
Bu o’rtada AQSh Oliy sudi sobiq prezidentlar Oq uydagi faoliyati davomida amalga oshirilgan ayrim harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi haqida ilk bor qaror chiqardi.
Sudning 9 a’zosidan olti nafari sobiq prezident Donald Trampning shu haqda sudga qilgan murojaatini qondirishga ovoz berdi.
Bungacha quyi sud Trampning daxlsizlik haqidagi da’vosini rad etgan edi.
Oliy sud qarorida daxlsizlik prezidentlik faoliyatiga taalluqli ekani, prezidentlikdan so’ng amal qilmasligi aytiladi.
Tramp Oliy sud qarorini “konstitutsiya va demokratiya uchun katta g’alaba” deb atadi.