Amerika prezidentining rafiqasi, jamoatchilikka kam ko'rinish beradigan Melaniya Tramp Vashingtonda Jasoratli ayollarni taqdirlash marosimida so'zladi.
Marosim an'anaga ko'ra Davlat departamentida o'tdi.
Bu mukofot jahonda tinchlik, adolat, inson huquqlari, ayollar va erkaklar tengligi, xotin-qizlar maqomini mustahkamlash yo'lida kurashayotgan ayollarga taqdim etiladi.
Melaniya Tramp sovringa loyiq topilgan 13 ayolga tahsin aytdi.
"Ular ham o'z haqlari, ham o'zgalar huquqlari uchun kurashdilar. Hukumatlar, sudlar, jamiyatdagi adolatsizlik, terrorizm, korrupsiya, urushga qarshi turib berdilar va ba'zida qamoq, hatto o'lim xavfiga tik boqdilar. Bu ayollar barchamiz uchun namunadir", - dedi Melaniya Tramp.
13 jasoratli ayol Amerika bo'ylab safarda bo'lib, oddiy fuqarolar, siyosat ahli bilan ko'rishadi.
Davlat departamenti 2007-yilda ta'sis etgan mukofot shu paytgacha 60 davlatdan 100 dan ziyod ayolga nasib etgan.
Your browser doesn’t support HTML5