Ayollar eng e'zozlanadigan va eng xo'rlanadigan mamlakatlar

  • Amerika Ovozi

Jalolobod, Afg'oniston

Islandiya va Norvegiya - xotin-qizlar eng e'zozlanadigan jamiyatlar bo'lsa, Afg'oniston va Suriya ular eng ko'p xo'rlanadigan mamlakatlardir.

Oslo Tinchlik tadqiqoti instituti va Jorjtaun universitetining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik instituti har ikki yilda o'tkazadigan izlanish 153 mamlakatni, dunyo aholisining 98 foizini qoplaydi. Unda odamlarning kundalik hayotidan tortib, texnologiya va siyosatgacha bo'lgan jabhalarda xotin-qizlar ahvoli qanday ekani o'rganiladi.

“Ayollarning turmushi har bir davlatdagi vaziyatni aks ettiruvchi asosiy omillardan", - deydi Melan Virvir, Jorjtaun universitetidagi tadqiqot markazi rahbari.

"Xotin-qizlari e'zozlanmayotgan, ularning manfaatlari ko'zlanmayotgan muhit barqaror va farovon bo'lmaydi. Bu degani, bu jamiyatlar taraqqiyot tomon qadam tashlamayapti, chunki aholisining yarmi xor va zor".

Your browser doesn’t support HTML5

Mobil-salom: Mamlakatingiz ayollari qanday yashaydi?

Ayollar hayoti yaxshilangani sari mamlakatda umum ahvol ham yaxshilanadi. Xotin-qizlari faol bo'lgan mamlakatlarda turmush darajasi yuqori, iqtisod muntazam ravishda o'sib boradi.

Yaqin Sharq va Afrika doimo orqada yursa, Skandinaviya davlatlari oldinda. Lekin bugungi kunda eng qiyin ahvolda yashayotganlar afg'on va suriyalik ayollar, deydi olimlar. Turli omillar tahlil qilinganda bu davlatlar alohida ajralib turadi.

Eronning shaxmatchi ayollari... Lekin ularda siyosiy-ijtimoiy erkinliklar cheklangan

Eronda qizlarning bilim olishi uchun sharoit muhayyo, lekin ularning siyosiy va ijtimoiy erkinliklari cheklangan. Erli ayol uning ruxsatisiz pasport ololmaydi. Eri uning ishlashi uchun yo'l bermasligi mumkin. Oilaviy zo'ravonlik hollari keng tarqalgan. Ko'plab musulmon mamlakatlarda shu kabi muammolar kuzatiladi. So'rovlarda xotin-qizlarning katta qismi o'zlarini erkin shaxs deb hisoblamasligini aytgan.

Islanidya, Norvegiya, Shveytsariya, Sloveniya, Ispaniya, Finlandiya, Kanada, Gollandiya, Shvetsiya, Belgiya, Singapur, Daniya, Germaniya va Britaniya xotin-qizlar hayoti eng yuqori darajada bo'lgan mamlakatlar deb topilgan.

Vashingtonda ayollar namoyishi, yanvar, 2017

AQSh bu reytingda 22-o'rinda. Bu davlatda ayollar uchun eng og'ir masalalardan biri onalik ta'tili yo'qligi, ya'ni farzand ko'rib uyda o'tirib qolganida ayol xizmatchiga haq to'lanmaydi. U ishidan ayrilishi yoki uzoq payt maoshsiz qolib ketishi mumkin. Ko'zi yoriganidan ko'p o'tmay ishga qaytishga majbur.

Amerikada xotin-qizlarning jinoyat qurboni bo'lish hollari ham ko'p uchraydi. Qurolli hujumlarda asosan ayollar halok bo'ladi, deydi bu borada izlangan olimlar.

Qozog'iston 45, O'zbekiston 56, Qirg'iziston 74, Tojikiston 74, Turkmaniston 80, Turkiya 105, Ozarbayjon 113, Rossiya 55, Xitoy esa 87-o'rinda.

Suriya, Afg'oniston, Yaman, Pokiston, Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Iroq, Mali, Sudan, NIger, Livan, Kamerun va Chad - xotin-qizlar doimiy tahdid ostida kun kechiradigan davlatlar.

Izlanishdan maqsad, deydi tadqiqotchilar, BMTga global taraqqiyot uchun qayerda nima qilish lozimligini aniqlashda yordam berish.