FRANSIYA
Fransiya poytaxti Parijda yuzlab odam 8-Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ko’chaga chiqib namoyish qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Kasaba uyushmalar uyushtirgan tadbirda ayollarga nisbatan adolatsizliklarga barham berishga, ayollarga erkaklar bilan teng maosh to’lashga da’vatlar yangrab, ayrim tashkilotlar ish tashlashlarga, ayniqsa pandemiya kunlarida oiladagi zo’ravonlikdan jabr ko’rgan ayollarga yordam berishga chaqirdi.
"Ayollar pandemiyada eng ko’p zarar ko’rgan tabaqadir”, - deydi Fransiya tezkor tibbiy yordam uyushmasidan Emmanuelle Seri.
Bir yil oldin hukumat oiladagi zo’ravonlikka qarshi kurashuvchi tashkilotlarga qo’shimcha 1 million yevro va’da qilgan edi.
ROSSIYA
8-mart bayrami yil-sayin dunyoning ko’plab mamlakatlarida nishonlanmoqda. Rossiyada bu kun uzoq tarix va o’zgacha ma’noga ega. Yevropada bu bayram feminizm va tenglik uchun kurashni bildirsa, rossiyaliklar ayollikni ulug’laydi. Albatta, ayrimlar uchun 8-mart katta biznes hamdir. Masalan, gulchilar uchun.
Ba’zi mamlakatlarda va, xususan, Rossiyada 8-mart kuni nafaqat sevgan ayol, balki oila a’zolari, hamkasblarga gul hadya qilish katta an’anadir.
Moskvaning “Rijskiy” bozori Yevropadagi eng katta gul bozorlaridan biri bo’lib, 8-mart kuni asosiy xaridor erkaklardir.
“Xaridor ko’p bo’ldi. Charchadik”, - deydi Baxtiyor ismli gul sotuvchisi.
Bugun, shaharda, gul ulashish fleshmobi o’tkazildi. Bog’larda, xiyobonlarda, maydonlarda, temir yo’l va metro bekatlarida 300 mingdan ortiq gul ayollarga hadya etildi.
TURKIYA
Turkiyada yashovchi uyg’urlar 8-mart kuni namoyish qilib, Xitoydagi kommunistik tuzumdan jabr ko’rayotgan uyg’ur ayollari taqdiriga e’tibor qaratishga harakat qildi.
Nursiman Abdurashit Shinjondagi qamoqxonada saqlanayotgan onasini eslab, ko’ziga yosh oldi. Turkiyalik uyg’urlar Anqara va Xitoy o’zaro kelishgan ekstraditsiya haqidagi shartnomaga ko’ra Xitoyga chiqarib yuborilishidan xavotirda.
Pekin hujjatni dekabr oyida ratifikatsiya qilgan, biroq Turkiya parlamenti hozircha uni tasdiqlagani yo’q. Mamlakatdagi 40 ming uyg’ur qonunchilar kelishuvga qarshi chiqishiga umid qilmoqda.
Nursiman Turkiyaga 2015-yilda o’qish uchun borgan, 4 yil oldin esa oilasi bilan aloqa uzildi. O’tgan yil yozida ma’lum bo’lishicha, uning ota-onasi va ikki akasi terrorga aloqadorlik ayblovi bilan uzoq muddatga qamalgan.
Mingga yaqin odam bugun Xitoyning Istanbuldagi konsullik xizmati binosi yonida namoyish qildi.
32 yashar Nursimanning aytishicha, 8-mart onasining sevimli bayramlaridan bo’lgan. Shu kuni oilada to’planib, onamga sovg’alar berardik, deydi u.
Biroq endi ayol 13 yillik qamoq jazosini o’tamoqda.
Namoyishchilar Xitoy qamoqxonalari va lagerlarida saqlanayotgan yaqinlarining suratlarini ko’tarib chiqdi.
"Xitoy hukumati bizni hech qachon teng ko’rmagan. Bizni doim kamsitishgan. Chegaradan chiqib, endi xalqimizni qirishga kirishishgan. Men esa bo’lginchiga aylandim. Jim turolmayman”, - deydi Nursiman.
GERMANIYA
2017-yilda Germaniya poyaxti Berlinda ayollar masjidi ochildi. Unga 6 yoshida oilasi bilan Turkiyadan Germaniyaga ko’chib borgan Seyran Otash asos solgan. 58 yashar ayol shu masjidda imomlik qiladi. “Ibn Rushd Gyote” islom markazida azonni ham ayol kishi chaqiradi.
Seyran Otashning aytishicha, u haligacha jinsiy tengsizlikka qarshi kurashib keladi. Masjidni tashkil etish sababi ortida ham shu omil bor.
"Xudo muayyan jinsga ega emas. Allohga ibodat qilganda insonlarda ham jins bo’lmaydi. Shu sabab masjidlarda ayollar uchun ajratilgan joyda namoz o’qisam xafa bo’lib ketardim”, - deydi u.
Otash huquqshunos bo’lib, ayollar huquqlarini targ’ib qilib keladi. 8-mart bayrami bizni bu kurashga yanada ruhlantiradi, deydi u.
Ba’zilar bunday masjidga, ayol kishining imomlik qilishiga qarshi. Otashga ko’p tahdid, do’q-po’pisa qilishgan.
Uning aytishicha, pandemiya davrida oilada ayollar, bolalarga nisbatan zo’ravonlik kuchaygan.
"Bunga qarshi kurashishimiz, muammo haqida bong urishimiz kerak”, - deydi faol.
YAPONIYA
8-mart bayrami yapon ayollari diqqatini ham o’ziga tortdi. Poytaxt Tokioda yuzlab odam namoyishga chiqib, jinsiy tenglik talab qildi, shilqimlik, tegajoqlikka barham berishga chaqirdi.
“Izlanishlardan shunisi ma’lumki, Yaponiya jinsiy tenglik bobida dunyo bo’ylab ortda ketmoqda. Bu holatga jim qarab tura olmasligimizni bildirish uchun ko’chaga chiqdim”, - deydi tadbir tashkilotchisi Sumire Hamada.
Jahon iqtisodiy forumining jinsiy tengsizlikka doir 2020-yilgi hisobotida Yaponiya 153 davlat ichida 121-o’rinda joylashgan. Bu rivojlangan davlatlar orasida eng yomon ko’rsatkich. Hisobotga ko’ra, Yaponiyada ayollarni iqtisodiyot va siyosatga jalb qilish o’ta sust kechmoqda.
HINDISTON
Hindistonlik ayollar 8-martni o’zgacha nishonlamoqda. Mumbay shahrida ayollar ishtirokida motopoyga uyushtirildi, poytaxt Dehlida esa ilk bor faqat ayollardan iborat havo ekipaji havoga ko’tarildi. Agrada ayollar Toj-Mahalga bir kun bepul kirish imkoniga ega bo’ldi. Kashmirning Hindistonga qarashli Budgam tumanida esa ayollar salomatligiga bag’ishlangan marafon o’tkazildi. Agartala shahrida talabalar ko’chada yurish qldi.
Dehli tevaragida qishloq xo’jaligini isloh qilishga qaratilgan yangi qonunga qarshi oylab namoyish qilayotgan fermerlarga bugun minglab ayollar qo’shilib, ularga birdamligini izhor qildi.
SAUDIYA ARABISTONI
Saudiya Arabistonida ayollar huquqlari kengaymoqda. Qirol taxtiga da’vo qilayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tashabbusi bilan ayollarga avtomobil haydashga, futbol o’yinlarini stadionda tomosha qilishga, harbiy xizmat o’tashga ruxsat berildi.
Endi esa saudiyalik ayollar ilk bor avtopoygada qatnashmoqda. Ikki ayol xalqaro avtorallida bellashib tarixga kirdi.
Mash’al al-Obaydan va Daniya Oqil haydovchilik guvohnomasini qo’lga kiritganiga atigi bir yil bo’ldi. Shundan beri ular tinmay mashq qildi va o’tgan hafta baggi musobaqasida ishtirok etib, o’z kategoriyalarida marraga birinchi bo’lib kelishdi.
Endi ular 2022-yilda bo’ladigan “Dakkar” rallisida qatnashmoqchi.
“Qizlar va bolalarga gapim shuki, biror narsaga mehr qo’ysangiz, maqsad sarix intiling. To’siqlarga duch kelsangiz, bo’sh kelmang, taslim bo’lmang. Hayotda huzur keltiradigan, sevgan mashg’ulotlaringiz bilan shug’ullaning”, - deydi rallichi ayol.