Ayollar huquqlari qanday himoya qilinmoqda?

  • Amerika Ovozi

Xitoylik ayollar

Bugun dunyoning ko’plab mamlakatlarida Xalqaro xotin-qizlar bayrami nishonlanmoqda. 8-Mart ayollar yutuqlarini, jamiyat rivojiga qo’shgan hissalarini sharaflaydigan, ulug'laydigan kun.

Bayram Shimoliy Amerika va Yevropada 20-asrning boshida mehnatkashlar harakati natijasida vujudga kelgan. Ayollarning jamiyatda bugungi roli, ularga munosabat qanday?

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 8-mart, 2018-yil - Ayollar huquqlari qanday himoya qilinmoqda?

AQShda so’nggi paytda jinsiy tajovuz va tegajog’likka uchragan ayollarni himoya qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Kongressmen ayol Syuzan Bruksning aytishicha, bu borada xususiy sektor davlat sektoridan ancha ilg’or.

“Vakillar palatasining men raislik qilayotgan Axloq bo’yicha qo’mitasi Kongressda bu borada ko’p ishlar qilyapmiz. Har ikki partiyadan qonunchi erkaklar ham bizga bunda yordamlashmoqda. Odamlarning tegajog’likka uchrash holatlari haqida qo’rqmasdan shikoyat qilishlari uchun imkoniyat yaratyapmiz”, - deydi Bruks.

Amerikada bu borada ijtimoiy sahifalarda boshlangan kampaniya Pokistonda ham o’z aksini topmoqda. “Amerika Ovozi”ning bu mamlakatdagi muxbiri Oysha Tanzimning aytishicha, pokistonlik ayollar boshidan o’tgan bu kabi noxush voqealarni bayon qila boshlagan.

Ijtimoiy sahifalar ayollarga o’z huquqlarini himoya qilishda katta yordam bermoqda, deydi faol Kamissa Kamara.

“Facebook” va “Twitter”da uydagi zo’ravonliklarga doir tobora ko’proq voqealarga guvoh bo’lyapmiz. Bu sahifalar ayollarga o’z muammolarini muhokama qilishda, bir-biridan maslahat olishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda”, - deydi u.

1995-yilda AQShning o’sha paytdagi prezidentining rafiqasi Xillari Klinton Pekinda bo’lib o’tgan BMT anjumanida ayollar huquqlariga bag’ishlab, quyidagilarni aytgan edi:

“Ayollar huquqlari va inson huquqlari bir-biriga uzviy bog’liq masalalardir”.

Shundan 23 yil o’tib hatto rivojlangan mamlakatlarda ham muammolarga barham berilmagan.

“Ko’proq ayollar saylovlarda qatnashishi kerak. Bu borada Qo’shma Shtatlar boshqa davlatlardan ortda qolgan. Xorijda parlamentlarda Amerika Kongressiga qaraganda ko’proq qonunchi ayollarni uchratasiz”, - deydi kongressmen ayol Syuzan Bruks.

“Ayollar ishtirokidagi tinchlik jarayonlarida erishilgan bitimlarning umri uzoq bo’lishini tasdiqlovchi misollar bor”, - deydi faol Kamissa Kamara.

Ekspert Liberiyani misol qilib keltiradi. Uning aytishicha, bu mamlakatdagi yirik ijobiy siyosiy jarayonlar ayollarning ishtiroki tufayli amalga oshgan.