Dunyoda 30 million odam qullikda yashaydi

  • Amerika Ovozi
Avstraliyada asoslangan “Walk Free” jamg’armasi tarixda birinchi marta dunyo bo’ylab qullik reytingini tuzib chiqdi. Buning uchun 162 mamlakatdagi vaziyat o’rganildi va yer sharida o’nlab million odamlar zamonaviy quldorlar qo’lida aziyat chekayapti, degan xulosaga kelindi.

Your browser doesn’t support HTML5

Dunyo bo'ylab 30 million odam qullikda yashaydi/Shohruh Hamro


Qullik deganda odatda o’tmish haqida gap ketyapti, deb o’ylaymiz. Aslida bugun qariyb 30 million odam qullikda yashamoqda. Ilk bor e’lon qilingan Global qullik indeksida ana shunday ayanchli manzara tasvirlanadi.

Tadqiqotchi Kevin Beyls so’zlariga ko’ra, bugunda qullikning ikki asosiy ko’rinishi mavjud.

“Birinchisi nasliy qullik bo’lib, Janubiy Osiyoda uchraydi. U yerda avlodma-avlod odamlar quldorlar qo’lida yashaydi, qul bo’lib tug’iladi va qul bo’lib hayotdan ko’z yumadi. Ularning hech qanday haq-huquqi yo’q, ta’qib qilinadi, qullikdan boshqa narsani ko’rmay o’tadi… Ikkinchi ko’rinishdagi qullik deganda zamonaviy noqonuniy muhojirlarni nazarda tutamiz. Ular o’zi, oila va farzandlari uchun yaxshiroq hayotga intiladi. Xavfsiz joyda yashasam, ishim bo’lsa, deydi. Ular jinoyatchilar qo’liga tushib qolishi mumkin. Aldanib, o’z mamlakatini tark etadi va o’zga yurtda qulga aylanadi,” - tushuntiradi olim.

Reytingdagi birinchi beshlik quyidagicha: Mavritaniya, Gaiti, Pokiston, Hindiston va Nepal. Qizig’i shundaki, 6-o’rinda Moldova joylashgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchilik – O’zbekistonda: 47-o’rin.

Tojikiston – 70-o’rin.
Qirg’iziston – 81-o’rin.
Turkmaniston – 83-o’rin.
Qozog’iston – 85-o’rin.
Rossiya – O’zbekistondan keyingi pog’onada – 48-o‘rin.
Afg’oniston esa 58-o’rinda.

Eng ko’p qullar uchraydigan mamlakat - G’arbiy Afrikadagi Mavritaniya. U yerda 3,8 million aholidan 160 ming nafari qullar.

Umumiy aholisi 1,2 milliardga teng Hindistonda 14 million odam qullikda yashaydi. Xitoyda bu raqam 2,9 millionga, Pokistonda esa 2,1 millionga teng.

Qullik jamiyatdagi qashshoqlik, korrupsiya va mojarolar bilan chambarchas bog’liq.

Yana bir omil – jamiyatdagi xotin-qizlarga munosabat, deydi Kevin Beyls.

“Qullikda yashovchi har bir qiz sha’niga tajovuz qilinadi. Ular dalada ishlaydimi, fabrikada yoki xonadonda xizmatkormi, farqi yo’q. Ayollar uchun qullikda yashash dahshatli”, - deydi olim.

Eng hayratlanarlisi shuki, hatto reytingdan eng oxirgi o’rinlarni egallagan mamlakatlarda ham qullik qayd etilgan. Islandiya, Irlandiya va Britaniyada qariyb 4600 odam zamonaviy qullikda yashaydi.