Breaking News

Biryulevodagi to'polon ketidan Rossiyada kelgindilarga qarshi kayfiyat kuchaygan


Politsiya migrant ishchilarni ovlayapti. Moskvaning Biryulevo tumani, 14-oktabr, 2013-yil.
Politsiya migrant ishchilarni ovlayapti. Moskvaning Biryulevo tumani, 14-oktabr, 2013-yil.
Moskvada millatchilar uyushtirgan to'polon ketidan markaziy osiyolik mingdan oshiq mehnat muhojiri ushlangan. 13-oktabr kuni Biryulevo savdo markaziga hujum natijasida imorat yakson qilinib, muhojirlar kaltaklangan. Ortidan migrantlarni ovlash avj olgan. Muxolifat esa Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibi joriy etish bo'yicha imzo yig'ishni boshlagan.

Politsiyaga olib ketilgan muhojirlar mamlakatda noqonuniy yashayotgani yuzasidan javobgarlikka tortilishi mumkin.

13-oktabr kuni rus fuqarosi kavkazlik ekani taxmin qilinayotgan shaxs tomonidan pichoqlab o'ldirishi ortidan janjal boshlangan. Millatchilarning muhojirlar ishlaydigan Biryulevo savdo markaziga hujumi ommaviy tartibsizlikka ulanib ketdi. Binoga kirishga uringan millatchilar va politsiya o'rtasida to'qnashuv ro'y berib, bir necha kishi jarohatlangan, migrantlar kaltaklangan.

Bu voqealar Rossiya jamoatchiligida muhojirlarga qarshi shundoq ham kuchli kayfiyatni yanada alanga oldirgan. Matbuot politsiya ushlagan, guruh-guruh qilib olib ketilayotgan, avtobuslarga qamalgan markaziy osiyolik migrantlarni tinimsiz namoyish qilayapti. Siyosatchilar jinoyat ko'lami oshayotgani, muhojirlar bilan bog'liq qonunlarni keskinlashtirishni taklif qilmoqda.

14-oktabr Biryulevoda aholi bilan uchrashgan deputat Vladimir Jirinovskiy mehnat muhojirlarini Moskvadan yo'qotish kerak, degan.

Bu voqea muxolifatni ham ilhomlantirgan. Xususan, Aleksey Navalniy Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizali tartib joriy etish bo'yicha imzo yig'ishga kirishdi. Uning izohiga ko'ra, Rossiya aholisining 84 foizi vizali tarib tarafdori, faqat shundagina Rossiyani muhojirlardan cheklash mumkin. Bu murojaat yuz ming imzo to'plagan taqdirda Dumada ko'rib chiqilishi kutilmoqda.

Rossiya siyosiy doiralarida Markaziy Osiyo, jumladan, O'zbekiston bilan ham viza joriy etish masalasi muntazam muhokamada. Biroq yaqinda Indoneziyadagi iqtisodiy sammitda qatnashgan prezident Vladimir Putin Rossiya ishchilarga ehtiyoj sezayotgani bois MDH davlatlari bilan vizali tizimga qarshi ekanini aytgan edi.

Tahlilchilar fikricha, Kreml viza tartibiga bormaydi. Rossiya mintaqani qo'ldan chiqarish niyatida emas. Shu bilan bir qatorda, Kreml jamoatchilik kayfiyati bilan ham hisoblashishga majbur.

“Shaharda slavyan bo'lmagan qiyofadagi odamlar ko'payganidan norozi bo'lgan aholiga, afsuski, hukumat juda oddiy - biz xavotirlaringizga befarq emasmiz, keling, unda ularning sonini kamaytiraylik qabilida javob berayapti. Bu esa muammoni hal etishning eng ibtidoiy yo'li. Buning o'rniga Moskva aholisi orasida tolerantlikni targ'ib qilish kerak, Moskva o'z-o'zidan faqat ruslarning shahri bo'la olmasligini tushuntirish lozim. Markaziy Osiyo bilan viza tizimi joriy etishning siyosiy tomonlari bor. Rossiya bu mintaqada yakka emas, balki manfaatlarini himoya qilish uchun qudratli davlatlar bilan raqobat qilishga majbur”, - deydi Moskvadagi Karnegi instituti tahlilchisi Mariya Lipman.

Kreml Markaziy Osiyoga strategik manfaatlar zonasi sifatida qarab keladi. Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasi muddatini yaqinda yana 20 yilga uzaytirdi. Tojikistondan tashqari Qirg'izistonda ham harbiy baza mavjud.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG