Dunyo aholisining uch foizdan oshig’i o’zi tug’ilgan mamlakatda yashamaydi. Insoniyat migratsiyasi ortida qanday omillar yotadi? Odamlarni o’zga yurtga nima yetaklaydi?
2017-yilning avgustidan buyon 700 ming rohinja musulmonlari Myanmadan Bangladeshga qochib o’tgan. BMT va AQSh buni etnik tozalash natijasi deb biladi.
Ushbu mojaro o’nlab yillik tarixga ega, lekin global migratsiyaning bir qismi bu.
Xalqaro Migratsiya tashkilotiga ko’ra, 2015-yilda dunyodagi migrantlarning qariyb yarmini Osiyoda tug’ilganlar tashkil etgan. Ular asosan Hindiston, Xitoy va Bangladeshdan. Ro’yxat boshidan Meksika va Rossiya ham o’rin olgan.
Muhojirlar eng ko’p mamlakat bu - Qo’shma Shtatlar. Aholisining qariyb 50 millioni bu yurtning o’zida tug’ilmagan. Keyingi o’rinlarda Germaniya, Rossiya, Saudiya Arabistoni va Britaniya.
Raqamlarni bir chetga surib, o’z mamlakatini kimlar va nima maqsadda tark etadi, bunga ham e’tibor qaratish kerak, deydi “Amerika Ovozi” muxbiri Margaret Beshir.
“Migrant deganda qayiqda kelgan yoki orqasiga xaltasini osib AQSh janubiy chegarasini kesib o’tayotganlarni tasavvur qilamiz. Aslida ko’pchiligi Silikon vodiysiga borib ishlaydi, Londonga borib banklarga ishga kiradi. Ish izlab, chegarani kesib o’tayotganlarning hammasi migrant”, - deydi u.
Jeneva konvensiyalari rohinja kabi qochqinlarni himoya ostiga olishni ko’zda tutadi. Ular aynan urush va zo’ravonliklardan qochib, boshpana so’rayotgan odamlar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rivojlanayotgan davlatlarda migratsiya inqirozini qanday hal etish haqida o’ylanar ekan, mojaro va zo’ravonlikni bartaraf etish ham yechimning bir qismidir.
Prioritetlardan yana biri - yoshlarni ish bilan ta’minlash, toki ular o’z mamlakatida mehnat qilsin.
Global migratsiyaning uzoq muddatli ta’sirini ham hisobga olish lozim, deydi Dimitrios Papadimitriu, migratsiya siyosati bo’yicha institut asoschisi.
“Odamlar o’zi istagan joyga borish uchun yetarli bilim va vositalarga ega bo’ldimi, o’sha yerga boradi. Chunki ulardan oldin borib, muvaffaqiyatga erishganlar bor. Deylik, do’stlari, qarindoshlari, qishloqdoshlari va hokazo. Ular uchun yo’lni ochib berganlar doim topiladi”, - deydi mutaxassis.