Hammayoqda COVID-19 bilan bog’liq ogohlantirishlar, targ’ibot. Odamlar bir-biridan uzoqda turishi kerak, lekin nasroniylarning Pasxa bayrami yaqinlashmoqda. Yahudiy va musulmonlarning diniy marosimlari qoldirilgan. Cherkov, sinagoga va masjidlar eshiklarini yopgan bir paytda, AQShda qator ruhoniylar karantin qoidalarini buzgani uchun tanqid qilinmoqda.
Florida shtatida pastor yuzlab odamlarni cherkovga chaqirgani uchun hibsga olindi. Rodni Xovard-Braun koronavirus tufayli uyda o’tirish haqidagi buyruqqa zid ravishda yig’in o’tkazganlikda ayblanmoqda. U aybini tan olmayapti.
“AQSh konstitutsiyasidagi birinchi tuzatishni quvvatlaganim uchun hibsga olishdi, bundan uyalmayman. Odamlar meni boshqa sabablar bilan ushlashganini aytishmoqda. Gap-so’zni to’xtatib bo’lmaydi. Sherif konstitutsiya bu vaziyatda o’rinsiz demoqda, lekin u o’rinli”, - deydi pastor.
Rasmiylarning aytishicha, qoidabuzarlik jazolanadi.
“Inson hayotiga beparvolik bu. Pastor cherkovning yuzlab a’zolari va ular bilan aloqada bo’lgan minglab boshqalarni xavf ostiga qo’ydi”, - deydi sheriff Chad Kronister.
Yaqinda Luiziana shtati, Baton-Ruj shahridagi cherkovda ham o’xshash holat yuz berdi. U yerda ham pastor hibsda.
Ayni damda pandemiya sabab diniy dargohlar yopiq. Ibodat onlayn tarzda o’tkazilmoqda. Ruhoniy Silviya Samter bu to’g’ri qaror, deydi.
“Odamlarni xavf ostiga qo’yish birovlarga ziyon bo’ladigan ishni qilish bilan barobar. Cherkovni yopmasangiz, demak, a’zolaringizga va ular bilan aloqada bo’ladigan insonlarga yaxshilikni ravo ko’rmayapsiz”, - deydi Samter.
Ba’zi cherkovlar ijtimoiy uzoqlashuv qoidalariga amal qilib, ibodatni tashqarida uyushtirmoqda.
“Oramizda masofa bo’lsa-da, bir joydamiz”, - deydi ibodatga kelgan ayol.
Diniy muassasalar moliyadan ham uzilib qolgan. Tadbirlar bekor qilinishi natijasida xayr-ehson kamaygan. Onlayn xayriya targ’ib qilinmoqda.
“Inqirozdan keyin cherkov yana ochiladi. Bino va elektr uchun to’lashimiz, ishchilarimiz maoshini qoplashimiz kerak”, - deydi Silvia Samter.
Karantin qachon tugashi, diniy xizmatlar qachon qayta boshlanishi hozircha noma’lum.