Your browser doesn’t support HTML5
Tojikiston mart oyida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’ladi. Hozircha Markaziy Osiyodan tashkilot tarkibida yolg’iz Qirg’iziston bor. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Qozog’iston ham 17 yillik harakatdan so’ng joriy yilda unga kirishi mumkin.
Jahon savdo tashkilotiga a’zolik respublikalarga nima bera oladi? Vashingtondagi Jons Xopkins universitetining Markaziy Osiyo bo’yicha tahlil institutida mintaqa elchilari o’z davlatlarining bu masalaga nisbatan siyosati yuzasidan fikr bildirdi.
Qirg’iziston Jahon savdo tashkilotiga Markaziy Osiyodan birinchilardan qo’shildi – 1998-yil oxirida. Jarayon atigi ikki yil vaqt oldi, xolos. Bu – rekord ko’rsatkich.
Misol uchun, Tojikiston 11-yil harakat qildi, Qozog’iston muzokaralarning 17-yiliga kirdi, O’zbekiston esa a’zolik uchun arizani 1994-yilda topshirgan. Turkmaniston esa bu haqda endi o’ylanmoqda.
Tashkilotga a’zolikning ma’nosi va foydasi nimada? Birinchidan, unga kirgan davlatlar umumiy qoidalarga binoan bir-biri bilan savdo qiladi, ya’ni teng huquqli asosda. Ikkinchidan, munozara kelib chiqgudek bo’lsa, davlatlar muammoni do’q-po’pisa va urush bilan emas, tashkilot doirasida hal qiladi. Uchinchidan, a’zo davlatlar bir-birining importlariga nisbatan cheklovlar va tariflarni keskin kamaytirishi shart. Bu esa bozorning a’zo mamlakatlar mahsulotlari uchun ochilishini talab qiladi. Ya’ni savdo halol qoidalarga ko’ra olib boriladi, hamkorlarda bir-biriga ishonch bo’ladi.
Biroq bu imkoniyatlardan barcha a’zolar ham birdek foydalana olmasligi mumkin. Agar muayyan bir davlatda ishlab chiqarish, tabiiy resurslar, iqtisodiy o’sish bo’lmasa, o’zgarish ham bo’lmaydi. Misol uchun, Qirg’iziston. Respublika 15 yildan beri Jahon savdo tashkiloti tarkibida bo’lsa-da, farovon hayotdan darak yo’q.
Qirg’iziston elchisi Muxtor Jumaliyev ham Vashingtondagi tadbirda respublika muvaffaqiyatlarini kamtarona baholadi.
"A’zolik Qirg’izistonga zarar keltirdi, deb aytolmayman. 1998-yildan beri tashqi savdo olti karra o’sdi. Biroq tan olish kerak, savdo hajmining 60 foizi Rossiya, Qozog’iston va O’zbekistonga to’g’ri keladi. Bu davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida olib-sotyapmiz. Sarmoyalar o’sdi, biroq buning a’zolikka bog’liqligini ko’rmadik. Jahon savdo tashkilotida bo’lishimiz xizmatlar sohasini ancha rivojlantirdi. Jumladan, telekommunikatsiya, transport, energetika ta’minoti va boshqalarni", - deydi Qirg’iziston elchisi.
Muxtor Jumaliyev nazarida eng katta foyda savdo munozaralarini hal etishda bo’ldi. Mayda davlatlarga muammolarni ikki tomonlama bitimlardan ko’ra, tashkilot doirasida hal qilish ham oson, ham tez, deydi u.
Mutaxassislarga ko’ra va qirg’iz elchisining tan olishicha, qo’shni davlatlar ham Jahon savdo tashkilotiga kirsagina, a’zolikdan foyda ancha sezilarli bo’ladi: mintaqaviy savdo kuchayadi, cheklovlar bartaraf etiladi, sarmoya ko’payadi.
Qirg’iziston 1998-yilda tashkilotga qabul qilinib, qo’shnilarini shoshtirib qo’ydi. Qirg’iz bozori barcha turdagi import mollari, jumladan sifatsiz va arzon mahsulotlarga keng ochilib, qo’shni davlatlarda ishlab chiqariladigan mollarning raqobatsiz bo’lish ehtimoli yuzaga keldi. Natijada Qozog’iston va O’zbekiston Qirg’izistonga nisbatan bojxona to’lovlarini keskin ko’tarishga majbur bo’ldi.
Bu ikki davlat bugun tashkilotga kirishga tayyormi? Buning uchun mamlakat iqtisodiyoti va qonunlari yangi qoidalarga moslashgan bo’lishi lozim. Qozog’iston shu yilning o’zidayoq a’zo bo’lishi mumkin.
Bunga yana bir sabab Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi hududidagi Bojxona Ittifoqining talabi. Ittifoq va Jahon savdo tashkiloti qoidalari bir-biriga qarshi kelmasligi uchun ittifoqqa a’zo davlatlardan savdo tashkilotiga ham kirish so’ralgan. Rossiya o’tgan yili a’zo bo’ldi.
O’zbekistonchi? Elchi Ilhom Ne’matovning aytishicha, a’zolikning O’zbekiston iqtisodiyoti uchun foydali va zararli tomonlari diqqat bilan o’rganilmoqda.
"O'zbekiston bu tashkilotga qaysi sharoitda kiradi, undan o'ziga qanday foyda va zarar oladi, muzokaralarda shularni chuqur o'ylash kerak", - deydi diplomat.
Elchi Ne’matovga ko’ra, O’zbekiston tashkilotga kirgudek bo’lsa ham, yaqin orada savdo ko’rsatkichlari gurkirashini kutmaslik kerak.
"Hozircha yutuq bo'lmaydi. O'zbekistonda Mustaqillik yilarining boshida paxta monopoliyasi hukm surgan. Iqtisod diversifikatsiyalashtirilishi natijasida ko'p sanoatlarimiz mustaqil va muvaffaqiyatli ishlab turibdi. Avtomobillar chiqarilib, eksport qilinyapti, yengil sanoatda ham juda yaxshi, sifatli tovarlar chetga sotilyapti. Agar tashkilotga hozir kirsak, bu sanoatlar zarar ko'rishi, ishsizlik kuchayishi mumkin".
Shunga qaramay, deydi O’zbekiston elchisi, respublika Jahon savdo tashkilotiga kirish maqsadidan qaytmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5