Yanukovich Ukraina kelajagi uchun kurashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Viktor Yanukovich bugun Rossiyaning Rostov-Don shahrida matbuot bilan ko’rishdi. U raqiblarini terror va qo’rquvni qurol qilib olganlikda ayblab, Kiyevdagi muvaqqat hukumatni noqonuniy, deya ta’rifladi.

Ukrainadan quvilgan prezident Viktor Yanukovich mamlakat kelajagi uchun kurashishga tayyor. U bugun Rossiyaning Rostov-Don shahrida matbuot bilan ko’rishdi. Yanukovich raqiblarini terror va qo’rquvni qurol qilib olganlikda ayblab, Kiyevdagi muvaqqat hukumatni noqonuniy, deya ta’rifladi.

Uning aytishicha, Ukrainada bugun yuzaga kelgan tanazzuldan chiqishning yo’li – avvalroq Yanukovich va muxolifat erishgan kelishuv va muddatidan erta saylovlardir.

Yanukovich Ukrainadagi g’alayon va zo’ravonlikni tergov qilishga chaqirmoqda. Uning aytishicha, poytaxt ko’chalaridan to’siqlar zudlik bilan olib tashlanib, zobitlar chekinishi lozim.

U davlatni domiga tortgan tanazzul va to’polondan afsusda. Yurtni tinch va barqaror saqlash uchun ojizlik qildim, deydi u.

Yanukovich o’tgan hafta Kiyevdan qochib, shu paytgacha ko’rinish bermayotgan edi. Vaqtli hukumat uni namoyishchilar o’limida ayblab, qamoqqa olishga buyruq bergan.

Ukrainaning Qrim mintaqasida esa ikki aeroportni qurollangan kishilar egallab olgan. Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov buni Rossiyaning agressiyasi deya ta’riflamoqda. Uning so’zlariga ko’ra, rus askarlari Sevastopol va Simferopoldagi aeroportlarga kirish-chiqishni nazorat qilmoqda. Rossiyaning harbiy dengiz bazasi Sevastopolda joylashgan.

“Amerika Ovozi” muxbiri Elizabet Arrot hozir Simferopolda va uning aytishicha, aeroportda qurollangan odamlarni ko’rish mumkin. U vaziyatni tinch deya izohlab, aeroport hamon ochiq va samolyotlar qatnovi davom etmoqda, deydi.

Rossiya davlat matbuotining yoritishicha, Kreml Ukraina ishlariga mutlaqo aralashayotgani yo’q.

Ukraina muvaqqat rahbari Oleksandr Turchinov bugun hukumatda favqulodda majlis o’tkazgan. Qonunchilar Rossiyani qo’shni davlatning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga da’vat etayapti.

Kecha Qrimda hokimiyat idoralari qurolli odamlar tomonidan qurshab olingan, binolar uzra rus bayrog’i ko’tarilgan.

Amerika Vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina vaqtli bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk bilan telefonda gaplashib, yangi koalitsion hukumat tuzish tashabbusini olqishlagan. Baydenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Ukrainani iqtisodiy jihatdan oyoqqa turg’izishda yordamga tayyor.

Jenevada esa Viktor Yanukovich va uning o’g’li bilan bo’gliq moliyaliy qalloblik tergov qilinmoqda. Shveysariya hukumati Ukrainadagi 20 rasmiyga qarashli hisoblarni muzlatgan.

Xalqaro valyuta fondi va Yevropa Ittifoqi bu davlatga mutaxassis yo’llab, moliyaviy ehtiyojlarini o’rganishni buyurgan.

Viktor Yanukovichning uyi:

Viktor Yanukovichning rezidensiyasi, Kiyev