HRW: Arab koalitsiyasi Yamanda kassetali bombalarni qo'llamoqda

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi Yamanda hutiylarga qarshi hujumlarda kassetali bombalarni qo'llagan bo'lishi mumkin.

"Human Rights Watch" (HRW) xalqaro huquq tashkiloti buni isbotlovchi dallilarga ega ekanini bildirmoqda.

116 mamlakat tomonidan man etilgan kassetali bombalar parchalanuvchi aslaha toifasiga kiradi. Ammo Saudiya Arabistoni, Yaman va Qo'shma Shtatlar bu vositalarni taqiqlovchi kelishuvga qo'l qo'ymagan.

"Human Rights Watch" foto va video materiallar, shuningdek, sun'iy yo'ldosh orqali olingan tasvirlarga tayanib xulosa qiladiki, portlaganda bir paytning o'zida yuzlab odamni mayib qiluvchi bu xavfli aslaha Yamanning Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh hududida, hutiylar qarorgohi hisoblamnish Saada rayonida ishlatilgan.

"Kassetali bombalarni hech bir sharoitda qo'llash mumkin emas. Saudiya qirolligi va koalitsiyaga a'zo boshqa davlatlar, shuningdek, ularga bu qurollarni sotgan Qo'shma Shtatlar xalqaro me'yorlarni oyoq osti qilmoqda", - deydi "Human Rights Watch" guruhi vakili Stiv Gus.