Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Yamanga doir rezolyutsiya qabul qildi. Hujjatda hutiylarga qurol embargosi joriy etiladi, ulardan poytaxt Sano va ishg'ol etilgan boshqa hududlarni tark etish talab qilinadi.
Iordaniya va Fors ko'rfazidagi arab davlatlari tomonidan ishlangan loyihaga kengashning 15 a'zosidan 14 tasi ovoz berdi, Rossiya betaraf.
Rezolyutsiya yamanlik isyonchilar yetakchisi Abdul Malik al-Hutiy hamda bu guruhni qo'llab-quvvatlayotgan mamlakat sobiq prezidentining o'g'li Ahmad Ali Abdulla Solihga nisbatan viza va moliyaviy cheklovlarni o'z ichiga oladi.
Xavfsizlik Kengashi sobiq prezident va hutiylarning ikki rahbariga nisbatan sal avval ushbu sanksiyalarni joriy etgan edi.
Rossiya qurol embargosini yolg'iz hutiylarga emas, balki ixtilofda ishtirok etayotgan barcha tomonlarga qo'llashni taklif etgan edi.