Yaman prezidenti Adandagi saroydan qochgan

  • Amerika Ovozi

Yaman Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi

Yaman rasmiylarining bildirishicha, hutiy jangarilarining hujumi natijasida janubdagi Adan shahridan turib faoliyat yuritgan Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadi saroydan qochgan. Mulozimlar Hadi shaharni tark etmagan, saroydan ketdi, xolos, deydi.

Davlat rahbari Adanga poytaxt Sanodan o'tgan oy qochib kelgan edi. Sano sentabr oyidan beri hutiylar qo'lida. Shia mazhabiga mansub bu guruh Hadi qo'lida ishlagan vazirlarning aksariyatini uy qamog'ida ushlab turibdi.

Adanga qochgach, Hadi o'z tarafdorlarini atrofiga to'play boshladi. AQSh va arab davlatlari uni qonuniy rahbar deya qo'llab-quvvatlamoqda.

Shu hafta hutiylar Adandan 60 kilometr naridagi al-Anad harbiy bazasini ishg'ol qilgach, Hadining shahardan qochgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu baza AQSh maxsus kuchlari tomonidan terrorchilarga qarshi kurashda foydalangan edi, ammo vaziyat yomonlasha borgach, harbiylar o'tgan hafta evakuatsiya qilindi.

Kecha Prezident Hadi BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, hutiylarga qarshi harbiy kuch tashlashga chaqirdi.