Jenevada Yaman hukumati va hutiylar vakillari BMT orqali muzokara qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Bugun Shveysariyada Yamanda hokimiyat uchun kurashayotgan guruhlar vakillari BMT vositachiligida muloqot boshlagan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hukumat kuchlari va hutiy isyonchilardan Ramazon oyining ilk ikki haftasida olishmaslikka chaqirdi. Muzokaralar Jenevada o'tmoqda.

BMT bosh kotibining Yaman bo'yicha maxsus vakili Ismoil Ahmad Saudiya Arabistoniga qochgan Yaman Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi va poytaxt Sanoni nazorat qilayotgan hutiy isyonchilar vakillari bilan alohida uchrashmoqa.

"Yaman davlatchiligi qil ustida. Hukumat va muxolifat tortishayotgan bir paytda Yaman yonmoqda", - dedi Pan Gi Mun.

Hukumat va hutiylar delegatsiyalari bu safar yuzma-yuz uchrashmaydi.

Yaman Tashqi ishlar vaziri Riyod Yassin Abdullaning aytishicha, hutiylarning qurolli qismlari shaharlardan chiqib, minglab asirlarni ozod etsa va BMT rezolyutsiyasiga rioya qilsagina, ular bilan sulh masalasi muhokama etiladi.

BMT rahbari tomonlarni shart qo'ymasdan muzokara qilishga chaqirdi.

"Yamanda hokimiyat tinch yo'l bilan almashishi kerak", - dedi u.

Qo'shni Saudiya Arabistoni Prezident Hadini qo'llab-quvvatlab, hutuylarni havodan nishonga olib keladi.

BMTga ko'ra, Yamanning 26 millionlik aholisidan 21 millioni yordamga muhtoj, mojaro oqibatida bir million odam uyini tark etishga majbur bo'ldi, 2500 dan ziyodi nobud bo'ldi.